Jahon | 21:04 / 29.09.2022
9297
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya hukumati aholiga yordam uchun 200 mlrd yevro ajratadi 

Kansler Sholsning ta’kidlashicha, Rossiya gazdan siyosiy qurol sifatida foydalanmoqda.

Foto: Pixabay

Germaniya hukumati iste’molchilar uchun elektr energiyasi keskin qimmatlashishi oqibatlarini yumshatishga 200 mlrd yevro ajratadi. Bu haqda GFR kansleri Olaf Shols, vitse-kansler va iqtisodiyot vaziri Robert Habek va moliya vaziri Kristian Lindner ma’lum qildi

Hukumat gaz uchun ustama qo‘yish rejasidan voz kechib, kompaniyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. 

Kansler Sholsning ta’kidlashicha, Rossiya gazdan siyosiy qurol sifatida foydalanmoqda. U aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturi va gaz narxini chegaralashni "qo‘shaloq zarba" deb atadi. 

Iqtisodiyot vaziri Robert Habek 2024 yil bahorgacha amal qiladigan yangi himoya mexanizmi yanada katta inqirozlarning oldini olishga yordam berishini aytdi.

"Biz hali ham qiyin vaziyatda turibmiz", - deya qo‘shimcha qildi Habek gaz yetkazilishi xavfsizligi haqida gapirarkan. 

U elektr energiyasini tejash zarurligini ta’kidladi.

Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner hozirda "farovonlik va ozodlik uchun energetika urushi" ketayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Shimoliy oqim" gaz quvuri shikastlanishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi va o‘nlab yillar davomida yaratilgan ko‘plab narsalar yo‘q bo‘lishi xavfi mavjud. 

"Biz bunga rozi bo‘lmaymiz va himoyalanamiz", - dedi Lindner.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid