Fransiyaning Veolia kompaniyasi 2022 yilning iyul oyidan boshlab Toshkentdagi issiqlik tizimini boshqara boshladi. Kompaniya 3 oylik ishi davomida 1600 dan ortiq nosozliklarni aniqlab, bartaraf etgan. Veolia Tashkent mas’ullari Kun.uz bilan suhbatda modernizatsiyadan keyin kommunal to‘lovlar oshmasligi, aksincha bir qancha yaxshilanishlar kutilayotganini ma’lum qildi. Kelgusida barcha binolarning isitish tizimi alohida bo‘ladi, issiq suv sifati yaxshilanadi va quvurlar korroziyasi kamayadi. Mutaxassislar issiqlik energiyasining birlik xarajatlarini ham kamaytirmoqchi.
Fransuz kompaniyasi Toshkentda issiqlik tizimini yaxshilaydi
2022 yil 1 iyuldan Fransiyaning Veolia kompaniyasi Veolia Energy Tashkent MChJ shu’ba kompaniyasi orqali Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini boshqarishni boshladi. 2021 yil 29 sentabrdagi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga binoan boshqaruv 30 yil muddatga berilgan.
Bu davrda kompaniya poytaxtdagi issiqlik infratuzilmasini yangilaydi va aholiga issiqlik yetkazib beradi.
Jurnalist va blogerlar uchun tashkil qilingan press-turda o‘zgarishlar va rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Veolia Energy Tashkent bosh direktori Aleksandr Xasti Kun.uz muxbiri bilan suhbatda poytaxtdagi issiqlik tizimining 3 oylik o‘rganishdan keyingi xulosalarini aytar ekan, modernizatsiya va tizimga kiritilgan investitsiya uchun aholiga issiqlik tizimi (issiq suv va kuz-qishda isitish) kommunal to‘lovlar oshirilmasligini ma’lum qildi.
«Kommunal to‘lovlar o‘tgan yilgi narxda o‘zgarishsiz qoladi. Kelajakda biz narxlar oshishiga hissa qo‘shib kelgan tizimdagi yo‘qotishlar oldini olamiz va xarajatlarni kamaytirishga erishamiz.
Loyihaning boshidan boshlab biz tushundikki, tizimni modernizatsiya qilish va uni yaxshilash investitsiya talab qiladi, shu sababli bu xarajatlar subsidiyalar orqali qoplanadi», – dedi u.
Kompaniya tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tariflar keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida aholiga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash va ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar budjetidan 2021-2027 yillarda 8,4 trln so‘m subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, Aleksandr Xasti tizimdagi kamchiliklar darajasi 50 foizga yetishini ta’kidladi.

















