O‘zbekiston | 21:48 / 20.12.2022
28695
6 daqiqa o‘qiladi

Puli to‘lanmagan lift va ming dollarlik unitaz. Tadbirkor hamon pulini ololmayapti

Avtoyo‘l va Ekoqo‘m binolarida qurilish qilgan tadbirkor ayolga bajarilgan ishlarning puli haligacha to‘liq berilmayotgani haqida yozgandik. Maqoladan keyin voqealar rivoji qanday kechgani bilan qiziqib jabrdiyda tadbirkor bilan bog‘landik.

“270 mln o‘rniga 90 mln berib aldab qo‘yishdi”

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bino-fasadlarini yangilagan va 3ta lift o‘rnatgan “Doston Akfa Plus” MChJ rahbari, tadbirkor Intizor Abdalniyozova 4 yildirki qo‘mitadan haqini to‘liq ololmay keladi. Tadbirkor o‘rnatgan liftlarning bittasidan qo‘mitaning 21 yillik raisi Abdurahmon Abduvaliyev foydalanadi.

Qo‘mita tadbirkorga 270 mln so‘mni to‘lash paysalga solib kelayotgandi. Kun.uz’da e’lon qilingan maqola ortidan 23 noyabr kuni “Doston Akfa Plus” MChJ hisobraqamiga 90 million so‘m o‘tkaziladi. Biroq shundan beri oradan qariyb bir oy o‘tayotgan bo‘lsa-da, tadbirkor qarzning qolgan qismi – 180 mln so‘m to‘lab berilmayotgani, og‘irini yengil qilishga va’da bergan mutasaddilar negadir yo‘qolib qolishganini aytadi.

“Bosh prokuraturadagilar meni Svetlana Ortiqova qabul qilishini aytgandi, uch kun qatnadim, ammo bosh prokuror o‘rinbosari qabul qilmadi. Muammo yuzasidan shahar prokuraturasiga chaqirishdi. O‘zim ham shahar prokurori Ulug‘bek Qosimovning raqamlarini izlab topib qo‘ng‘iroq qildim. Kun.uz'ga bormay turing, masalangizni hal qilib beraman deb va’da berdi. Ammo shundan keyin oradan qariyb bir oy vaqt o‘tdi.

Abduvaliyev umra ziyoratidan qaytganidan so‘ng ham u bilan uchrashish, qabuliga kirish uchun qo‘mitaga bordim. Yordamchilari ishda yo‘q deb qabuliga kiritishmadi. Oradan bir oy o‘tyapti, texnikalar sotildimi-yo‘qmi bilmayman. Sud qarori ijrosi bilan shug‘ullanayotgan davlat ijrochisiga qo‘ng‘iroq qilganimda Kun.uz'da chiqqanim uchun endi sariq chaqa ham olmasligimni aytdi”, deydi Intizor Abdalniyozova.

Qo‘mita bajarilgan ish uchun pul to‘lab berilmaganiga “Doston Akfa Plus” xususiy korxonasi mas’ullari tomonidan ishchi komissiyaga tegishli yakuniy (o‘rnatilgan maxsus uskunalarni davlat nazoratidan o‘tganligini tasdiqlovchi) hujjatlarni “Yangiyo‘lqurilish” unitar korxonasiga o‘z vaqtida taqdim etilmaganini vaj qilib ko‘rsatgan.

Ekoqo‘mda ham deyarli shu ahvol

Yangi binoga ko‘chib o‘tgan Ekoqo‘mita ham 2ta lift o‘rnatgan va bino fasadini plastik panellar bilan qoplab bergan “Doston Akfa Plus” MChJga haligacha bajarilgan ishlarning haqi to‘liq bermay keladi.

Ekoqo‘mdan zarar ko‘rganlar ko‘pchilik. Jumladan, qo‘mita rahbarlaridan birining xonasiga ta’mir paytida qo‘yilgan unitazni olib tashlab, o‘rniga 1000 dollarlik unitaz o‘rnatganlar va boshqa subpudratchilar ham haqini ololgan emas.

Sababi Abdurazzoqovdan to Oblomurodovgacha bir necha marta rahbar almashib, qurilishga oid hisob-kitob masalasini boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Qo‘mita shu paytgacha pudratchi qurilishni oxiriga yetkazmagan degan vaj bilan bajarilgan ishlar uchun pul to‘lamay keladi.

Muammo saytimizda e’lon qilingani ortidan qo‘mita Intizor Abdalniyozovaga 140 mln so‘m to‘lab berdi. Ammo tadbirkor bu pulni 20 dekabr kuni Ekoqo‘mga qaytarishi kerak. Boisi 140 million shu sanagacha “qarzga” berilgan.

“Kun.uz'da chiqqan maqoladan keyin Ekologiya qo‘mitasi menga 140 mln so‘m to‘lab berdi. Qarz shartnomasi asosida. Shartnomada 20 dekabrda pulni qo‘mitaga qaytarishim ko‘rsatilgan. 16 dekabr kuni ham qo‘mitaga bordim, raisning yordamchisi bilan gaplashdim. “Ikkita lift ham ishlab turibdi, pulimni qachon berasizlar”, deb so‘radim undan. 140 mln so‘m menga 20 dekabrgacha qarz sifatida berilgan, shartnomada belgilangan sanada pulni qaytarolmasam ular meni sudga berishga haqqi bor. Shularni tushuntirib, tezroq o‘zimning pulimni beringlar desam qarzni qaytarish muddatini 25 dekabrgacha uzaytirib berishdi. Yuqoridan so‘ralganda tadbirkorga pul berildimi, berildi qabilida javob berish uchun, qolaversa, operatsiyaga muhtojligim, pul juda kerakligini aytganimdan keyin shu ssenariyni o‘ylab topishdi. Bajargan ishim uchun 358 mln pulimni qachon to‘lab berishadi, xudo biladi.

19 dekabr kuni yana 140 mln beramiz, shunda qarz shartnomasi asosida berilgan jami pul 280 mln bo‘ladi. Faqat Kun.uz'ga borib pullarimni to‘liq oldim, deb intervyu bering, deb aytishdi”, deydi tadbirkor.

Ekoqo‘m axborot xizmati tomonidan 26 noyabr kuni tarqatilgan bayonotda ikkita liftni o‘rnatishga sarflangan mablag‘larni qoplash uchun qo‘mita huzuridagi “Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi” DUK va tadbirkor o‘rtasida umumiy qiymati 280 mln so‘m bo‘lgan shartnoma rasmiylashtirilgani, joriy yil 7 oktyabr kuni 140 mln so‘m tadbirkorning hisobraqamiga o‘tkazib berilgani aytilsa-da, bu pullar qarz shartnomasi asosida berilgani, pul yangi yilgacha qo‘mitaga qaytarilishi kerakligi haqida lom-mim deyilmagan.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Жамшид Ниёзов
Muallif Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid