Shavarshning taqdiri hayratlanarli. Bundan 46 yil muqaddam mashhurlikning cho‘qqisida bo‘lgan sportchi birdaniga, bir kunda sportdan butunlay ketdi. Albatta, ko‘pchilik sportchilar shunday qilishadi, buning hech hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Ammo sportdagi natijalari bilan butun dunyoni lol qoldirayotgan yigitning qismatida mardlik haqidagi alohida sahifa bor.

1976 yilning 16 sentabri. Yerevan ko‘chalaridan birida qatnovchi №15-trolleybus yo‘ldan chiqib ketib, suv to‘la to‘g‘onga ag‘anadi. 92 nafar yo‘lovchi qutiga qamalib, cho‘kib ketdi. Ularning barchasini juda azobli o‘lim kutardi, ko‘pchiligi shunday o‘ldi ham. Ammo suv ostida suzish bo‘yicha bir necha marta chempionlikni qo‘lga kiritgan Shavarsh Karapetyan shu yaqin atrofda ukasi bilan yugurishni mashq qilayotgan edi. U bir lahza ham o‘ylanmay o‘zini muzdek suvga otdi...

Keyinchalik mutaxassislar uning harakatlarini tahlil qilib chiqadi va biror kishi bunday qahramonlikni qaytara olmasligiga amin bo‘ladi. Uning shu atrofda bo‘lganining o‘ziyoq katta mo‘jiza edi. Shavarsh o‘n metrli suv ostiga sho‘ng‘iydi, mutlaq qorong‘ilik ichida trolleybusning oynasini urib-tepib sindiradi. 20 daqiqa ichida u suvga o‘ttiz martacha sho‘ng‘ib, 20 kishini qutqarib qoladi. Aslida qutqarilganlar soni ancha ko‘p edi. Lekin ularning ko‘pchiligi o‘lib bo‘lgan yoki suvdan chiqarilganiga qaramay hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagandi.

Shavarsh cho‘kkanlarni suvdan olib chiqar va ukasiga uzatar, ukasi ularni qayiqqa olar va qirg‘oqqa yetkazib berardi. Shu tarzda cho‘kkanlarning teng yarmi — 46 kishi olib chiqildi va ularning faqat 20 nafarigina tirik qoldi.

Chempionni kuzatib turganlar uning badani sovuqdan ko‘karib ketgani, terisi oyna siniqlaridan tilinib ketganini ko‘rib turishar, ammo birortasi yurak yutib unga yordam berolmasdi. 20 daqiqa ichida uning organizmi butunlay holdan toydi va o‘zi ham yordamga muhtoj holga keldi. Mudhish natija ko‘p kuttirmadi: ikki tomonlama zotiljam, qonning umumiy zararlanishi...

Shifokorlar 45 kun kurashib, uning hayotini arang saqlab qolishdi. Bir necha bor o‘lim xavf solgani ham bor gap edi. Ammo matonatli yigitning organizmi bu kasallikni yengib o‘tdi. Biroq endi katta sportga qaytish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Shunga qaramay, tanasidagi chandiqlar harakatini cheklashini yengib, 400 metrga suzish bo‘yicha yana bir rekord o‘rnatdi. Lekin kuchli og‘riqlar yana bezovta qila boshlagach, sportni tark etdi.

Shu tarzda kechagina o‘zining olamshumul natijalari bilan hammani hayratda qoldirayotgan yoshgina yigit nogiron bo‘lib qoldi...