O‘zbekiston | 11:48 / 16.07.2025
1389
3 daqiqa o‘qiladi

Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha respublika kengashi tuziladi

"Kreativ iqtisodiyot sohasidagi ayrim hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

  • kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi to‘g‘risidagi nizom;
  • kreativ industriya parki rezidentligiga qabul qilish va rezidentlarga imtiyozlarni qo‘llash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent shahar hokimligi va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda Kreativ parkni joylashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Kreativ park direksiyasiga istisno tariqasida, o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida tender (tanlov) savdolari o‘tkazmasdan mustaqil maslahatchilar, xo‘jalik auditorlari va ixtisoslashtirilgan mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etishga ruxsat beriladi.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, kengash kreativ industriya sohalarini rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organidir.

Kengashning tarkibi kreativ industriya sohalari bo‘yicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohalaridagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat bo‘lib, O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va kreativ industriya sohalarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • kreativ industriyaning istiqbolli yo‘nalishlari va o‘sish nuqtalarini aniqlash;
  • kreativ industriya parki faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni eshitish.

Kengash quyidagi huquqlarga ega:

  • kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
  • davlat organlari va tashkilotlaridan kreativ iqtisodiyotga oid zarur materiallar va ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rab olish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchilikka zid kelgan hollarda aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
  • majlislarida vazifalari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini eshitish;
  • respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan kreativ iqtisodiyot bo‘yicha muammo va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid