2023 yil 23 fevral kuni Tojikistonda bir nechta zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila episentri Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumani markazidan 67 kilometr g‘arbda, Sarez ko‘lidan 30 kilometr sharqda joylashgani aytildi.

Shu kuni tushgacha yer yana bir necha marta silkindi. Qayd etilgan magnitudalar 4,5 – 5 ball bo‘ldi. Sodir bo‘lgan zilzilalar episentri Sarez ko‘liga yaqin joyda bo‘lgani ko‘pchilikda xavotir uyg‘otdi.

Biroq Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot kotibi Umida Yusufiy xavotirlarga o‘rin yo‘qligini aytib chiqdi.

«Sarez ko‘lida kuzatuv va erta ogohlantirish tizimi me’yorida ishlamoqda. O‘zgaruvchanlik va o‘zgarishlar qayd etilmagan. Ko‘lga suv kelishi va uning oqimi o‘zgarishsiz qoldi», dedi u.

Baland tog‘lar orasida joylashgan Sarez ko‘li atrofida tez-tez zilzila sodir bo‘lib turadi. Aksariyat olimlar uni «Uyqudagi ajdarho» deb atashadi va ko‘l bilan bog‘liq xavotirlar tez-tez aytilib turiladi.

Foto: dailymail.co.uk

Jumladan, 2020 yil 6 noyabr kuni Britaniyaning Daily Mail nashri Tojikistondagi Sarez ko‘li haqida maqola e’lon qilgandi. Unda mazkur ko‘l «Asta-sekinlik bilan harakatga keluvchi tabiiy bomba» deb atalgan. Shuningdek, Sarez ko‘lida yuz berishi mumkin bo‘lgan falokat tarixdagi eng yomon tabiiy ofatga olib kelishi mumkinligi aytilgan.

Maqolada yozilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat boy tabiati, balki tabiiy holda shakllangan bir qator jiddiy xavotirli muammolari bilan ham ajralib turadi.

«Tojikiston hududidagi Pomir tog‘larida joylashgan Sarez ko‘li nafaqat bu mamlakat, boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun katta xavf tug‘diradi. Ko‘chki natijasida tabiiy to‘g‘on bilan o‘ralgan mazkur ko‘l tabiiy mo‘jiza bo‘lish bilan birga asta-sekinlik bilan harakatga keladigan bombaga o‘xshaydi. Agar Sarezda falokat sodir bo‘lib, suvi oqib ketadigan bo‘lsa, tarixdagi eng yomon tabiiy ofatni keltirib chiqarishi mumkin. Millionlab tonna suv, shag‘al va cho‘kindilar Bartang, Panj va Amudaryo bo‘ylab oqib, ehtimol Orol dengizigacha yetib borishi mumkin. Falokat oqibatida Markaziy Osiyoda millionlab gektar yerlarni, shuningdek,Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonda ko‘plab aholi manzillarini suv bosishi mumkin»