Donbass shaharlari o‘qqa tutilmoqda, Chasiv Yar atrofida taqiqlangan qurol qo‘llandi. Urush suratlari
Ukrainada urushning 384-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Qora dengiz ustida rossiyaliklarning Su-27 qiruvchisi amerikaliklar droni bilan to‘qnashib ketdi. Amerikalik va rossiyalik harbiylar bu hodisa yuzasidan turlicha versiyalarni keltirmoqda.
- «Vagner» XHK Litvada terrorchi tashkilot sifatida tan olindi.
- Voronej oblasti aholisiga chaqiruv qog‘ozi topshirish boshlandi. Harbiy komissariat va munitsipalitetlar ma’muriyatlari ma’lum qilishicha, bu shunchaki «harbiy ro‘yxatga olish ma’lumotlarini yangilash uchun» amalga oshirilmoqda.
- Davlat dumasi «maxsus harbiy amaliyot»ning har qanday ishtirokchisini obro‘sizlantirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Endi «feyklar» va «obro‘sizlantirish» normalari «RF Qurolli Kuchlari uchun vazifalarni bajaradigan ko‘ngilli tuzilmalar, tashkilotlar yoki shaxslarni obro‘sizlantirganlik» uchun ham qo‘llanadi va 15 yil qamoq jazosi beriladi.
- «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar esa davlatga xiyonat va «maxsus harbiy amaliyot»ni «obro‘sizlantirganlik» uchun Rossiya fuqaroligidan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Kramatorsk o‘qqa tutilishi oqibatlari
14 mart tongida Rossiya qo‘shini Donetsk oblasti shimolida joylashgan Kramatorsk shahrini o‘qqa tutdi. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoga ko‘ra, raketa ko‘p kvartirali uyga kelib tushgan, yana oltita qo‘shni uylarga shikast yetkazgan. Bir kishi halok bo‘lib, kamida yetti kishi yaralangan.
Bu hujumga munosabat bildirarkan, Volodimir Zelenskiy «yovuzlik davlati tinch aholi bilan urushishda davom etayotgani, hayotlarni yakson qilayotgani va insoniy hech narsa qoldirmayotgani»ni aytdi. Rossiya tomoni bu hujum yuzasidan izoh bermagan.
Quyida Kramatorsk markazida zarba oqibatlari aks etgan suratlar.
Baxmut atrofidagi vaziyat
14 mart kuni Volodimir Zelenskiy Oliy qo‘mondonlik shtabining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi, unda Baxmut mudofaasi muhokama qilindi. Uchrashuvdan keyin u Ukraina qurolli kuchlari shaharni ushlab turishda davom etayotganini ma’lum qildi. RF mudofaa vazirligi 14 mart kungi hisobotida Baxmut yo‘nalishidagi vaziyatni tilga olmagan.
The Guardian nashri yozishicha, Baxmutga hujum vaqtida Rossiya qo‘shini ommaviy qirg‘in quroli hisoblangan yonuvchi fosforli o‘q-dorilarni qo‘llagan. Oddiy qurollarning muayyan turlari to‘g‘risidagi konvensiyaning III protokoliga ko‘ra, fosforli o‘q-dorilarni aholi yashash manzillari yaqinida qo‘llash taqiqlangan. Rossiya Baxmut atrofida taqiqlangan qurollar qo‘llanishi bo‘yicha ayblovlarga izoh bermadi.
Quyida ushbu yo‘nalishda oldingi chiziqdagi vaziyat aks etgan suratlar.
Kiyevda ukrain ko‘ngillilari kuni
Baxmutdagi askarlar
Chasiv Yarda insonparvarlik yordami tarqatilishi
Baxmutdan 13 kilometr g‘arbda joylashgan Chasiv Yar orqali Ukraina qo‘shinining asosiy ta’minot liniyasi o‘tadi. Shu tufayli bu shahar RF armiyasi tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda.
Defense Express tahlilchisi Sergey Zgurets Chasiv Yarni Rossiya qo‘shinining ayni vaqtdagi asosiy maqsadi deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «rossiyaliklar Baxmut atrofida yopiq halqa hosil qilish maqsadida ushbu shaharni aylanib o‘tish va Chasiv Yarga yetib borish imkonini qidirmoqda».
Chasiv Yarda hamon tinch aholi vakillari qolmoqda. Quyida ularga ukrainalik ko‘ngillilardan yordam ko‘rsatilishi aks etgan suratlar.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024