Jahon | 07:57 / 18.03.2023
13288
3 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi: Putin biz uchun - persona non grata emas

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Putin bilan muloqotni davom ettirishga tayyor, ammo Xalqaro jinoiy sud uni hibsga olish uchun order bergan. BMT spikeri Stefan Dyujarrikning aytishicha, Rossiya prezidenti tashkilot uchun persona non grata emas.

Foto: Anadolu agency

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rossiya prezidentini hibsga olishga order berganiga qaramay, Putin bilan gaplashishga tayyor. Bu haqda 17 mart, juma kuni BMT bosh kotibi idorasi vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.

«Biz bosh kotib oldidagi muammolarni hal qilish uchun kim bilan gaplashishi kerak, degan pozitsiyada turibmiz», dedi Dyujarrik. BMT spikerining so‘zlariga ko‘ra, bunday masalalar kontekstida XJS BMT Kotibiyati bilan huquqiy jihatdan bog‘liq emas. Shunga ko‘ra, Putin BMT uchun persona non grata bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, Dyujarrik uning harakat erkinligidagi cheklovlar Rossiya prezidenti bilan ehtimoliy muzokaralarga xalaqit beradimi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi. Xalqaro jinoiy sudda amaliyotga qabul qilingan advokat Sergey Golubok Telegram'dagi «Mojyem ob’yasnit» kanaliga tushuntirishicha, agar Putin Rim statutini ratifikatsiya qilgan, shuningdek, XJS yurisdiksiyasini tan olgan davlatlardan biriga tashrif buyursa, mahalliy hokimiyat organlari uni hibsga olishlari kerak. Gap 123 ta davlat, jumladan Yevropaning barcha mamlakatlari, Janubiy Amerika, shuningdek, Tojikiston, Janubiy Afrika, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigeriya haqida bormoqda.

Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergani haqida 17 mart, juma kuni XJS saytida xabar berilgan. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda. Putin «ushbu jinoyatlar uchun bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda yoki boshqa shaxslar orqali, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Xuddi shunday hibsga olish orderi Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan. XJS qarorida aytilishicha, Haaga sudi «u yuqoridagi jinoyatlar uchun shaxsan jinoiy javobgarlikka tortilish uchun yetarli asoslarga ega, chunki u bu qilmishlarni bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda va/yoki boshqa shaxslar orqali sodir etgan».

Moskva 2022 yil 24 fevralda Rossiya harbiylarining Ukrainaga hujumi ortidan Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarga aloqadorligini rad etadi. Rossiya Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va uning ishida ishtirok etmaydi. 2016 yildan beri u sudning harakatlarini belgilaydigan Rim statutining ishtirokchisi emas. O‘z navbatida, XJS harbiy jinoyatlarni tergov qilish va jazolashda davlat rahbarlarining daxlsizligini tan olmaydi.

Mavzuga oid