09:40 / 19.03.2023
30849

Katta davlatlarning savoli, Malibu'dagi prezident va Yangi Toshkent - hafta dayjesti

Rossiya ham, G‘arb davlatlari ham O‘zbekistondan betaraflikni bas qilishni so‘rayapti. Surxondaryoda prezident yurgan yo‘lni qayta qurish sanoqli soatlar ichida boshlanib ketdi. Referendum xarajatlari – 16 mln dollar. O‘tgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Hafta yangiliklari orasida bir noodatiy tadqiqot alohida ahamiyatga ega.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan o‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hojatxonasi markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulangan uylar jami uylarning atigi 16 foizini tashkil etadi. Har 5 ta xonadondan 4 tasi chuqur kavlama shaklidagi hojatxonadan foydalanadi. Yana ham achinarlisi, jami xonadonlarning deyarli yarmi – 41 foizidagi tualetlar eng primitiv ko‘rinishda. Bunday tualetlarning intereri, sharoitlari va ayniqsa hidi qanaqa bo‘lishini ta’riflab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.

E’tiborlisi, tadqiqotda aniqlangan ko‘rsatkich – uy xo‘jaliklarining 83 foizi chuqur kavlama shaklidagi hojatxonadan foydalanadi degan xulosa, bundan 3 yil oldin Kommunal xizmatlar vazirligi bergan rasmiy ma’lumot bilan mos keladi. 2020 yilda vazirlik aholimizning 83 foizi kanalizatsiyasiz yashayotganini ma’lum qilgandi. 3 yil ichida 83 foizlik ayanchli ko‘rsatkich rostan ham o‘zgarishsiz qolganmi, buni aniq aytish qiyin, lekin sezilarli o‘zgarmagani aniq. Qolaversa, kanalizatsiya tortilgan joylarda ham tizim binoyidek ishlayapti deb bo‘lmaydi: ko‘plab shaharlarda oqova suv tarmoqlari eskirgan, ta’mirga muhtoj.

Masalaning yana bir tomoni bor. Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti xodimlari tadqiqot uchun hududlarga chiqqanida, qiziq bir holatga duch kelishgan. Ularning aytishicha, aholi hojatxonaning sanitariya talablariga javob bermasligiga oid indikatorni kambag‘allik uchun ahamiyatsiz deb hisoblaydi. Ya’ni ko‘plab o‘zbekistonliklar hojatxonaning rasvo ekanini kambag‘allikning asosiy belgilaridan biri deb hisoblamaydi.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, birinchi navbatda maktablardagi hojatxonalar ahvolini o‘nglash kerak. Gap faqat tualetdagi chivinlar, yuqumli kasalliklar va diareyada emas. Maktab tualeti yomon ahvoldaligi bolalarning hojatga borishni istamasligiga, hojatga chiqmaslik uchun kam suv ichishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yuqorida bu mavzuni bejizga alohida ahamiyatli deya ta’riflamadik. Bu tadqiqot natijasi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealar, qabul qilinayotgan qarorlarga qaysi prizmadan qarash kerakligini yaxshi ko‘rsatib beradi.

Surxondaryoga tashrif

O‘zbekistonning elementar va og‘riqli infratuzilma muammolari ro‘yxatida ichimlik suvi ta’minoti va yo‘llarning sifati ham bor. Bu ikki muammo Surxondaryo viloyatida ayniqsa dolzarb. Shu hafta Termizga borgan Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, hozirda viloyat aholisining 61 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Vaziyatni yaxshilash uchun “To‘palang” suv omboridan 360 kilometrlik suv tarmog‘i tortilyapti. Prezident buning natijasida Surxondaryoning 90 foiz (!) aholisi toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlanishini aytdi. Bunga xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘lari jalb qilinadi.

Davlat rahbari tashrifi davomida Boysun–Denov yo‘nalishidagi yo‘lning abgorligi bo‘yicha odamlarning shikoyatlarini inobatga olib, bu yo‘lda o‘zi avtomobil haydab ko‘rdi. “Birovga ishonmayman. Birovga ishonsang, yolg‘on gapiradi, yashiradi. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmizki, bu yo‘llarda harakat qilib bo‘lmaydi”,dedi Shavkat Mirziyoyev. Malibu'ning old o‘rindig‘ida prezidentga Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohlik qildi. Tashrif davomida uning lavozimidagi “vazifasini bajaruvchi” degan qo‘shimcha olib tashlandi.

Tanqid qilingan yo‘lni ta’mirlash ishlari yashin tezligida, shu kunning o‘zida boshlanib ketdi. Boysundan Denovgacha beshta tuman hududidan o‘tadigan 111 kilometrlik yo‘l betonlashtirilyapti.

Surxondaryoga safari vaqtida Shavkat Mirziyoyev chegarachilarning xizmat va yashash sharoitlarini ham ko‘rdi. Termizdagi poligonda prezident qo‘shinlarning taktik mashg‘ulotini kuzatdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, bu mashg‘ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlarning xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘tkazilgan.

Harbiylar bilan uchrashishidan oldin Shavkat Mirziyoyev bir farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra, harbiy xizmatchi burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan taqdirda, vafotiga qadar olib kelgan oylikning 150 baravari miqdorida oila a’zolariga biryo‘la nafaqa beriladi. Davlat majburiy sug‘urtasi doirasida esa halok bo‘lgan xizmatchilarga to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, hozirda 60 mln so‘m deb belgilandi. Farmonda boshqa imtiyoz va kafolatlar ham ko‘zda tutilgan.

“Yo u tomonga, yo bu tomonga o‘t deyishyapti”

Surxondaryoga tashrif prezidentning tashqi siyosatga doir bayonoti bilan ham yodda qoldi. Termiz shahrida o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Ukrainadagi urushga ishora qilib, “katta-katta davlatlar” O‘zbekistondan bu masalada neytral bo‘lmaslikni talab qilayotganini aytdi.

“Sizlar bilinglar: zamon juda murakkab. Hozir katta-katta davlatlar: “O‘zbekiston, sen kim tarafda. Bo‘ldi endi, neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi, yo u tomonga o‘tgin, yo bu tomonga o‘tgin”, deya qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib shunga da’vat qilyapti. “O‘rta Osiyoda O‘zbekiston bizga kerak, 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tarafsan?” deyapti. Qarang, shunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak? Javob bitta: bir tomonman, millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman”, dedi Mirziyoyev.

Bu bayonot AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Toshkentga tashrifidan ikki hafta o‘tib yangragani e’tiborga molik. Bu tashrifdan keyin Shavkat Mirziyoyev Bokuda Xalqaro qo‘shilmaslik harakati sammitida ishtirok etgandi. Tahlilchilarning fikricha, bu sammitdagi ishtirok rasmiy Toshkentning NATO bilan ham, KXShT bilan ham hamkorlikni tiklamasligiga ishora qiladi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi urush bo‘yicha e’lon qilgan betaraf pozitsiyasini “o‘ziga xos” yoki “ko‘p qirrali” deb ta’riflash mumkin. Bu qirralardan biri shu hafta ham yana ko‘rinish berdi. Rossiyalik qiziqchi Danila Poperechniyning Toshkentdagi konserti vaqtida ko‘p marta mikrofon o‘chib qoldi. Qiziqchining aytishicha, konsertidan dunyoda bo‘layotgan voqealarga oid materiallarning hammasi olib tashlangan.

“Har safar hazil yoki mavzu hozirgi dolzarb mavzuga hatto bilvosita yaqinlashsa ham, mikrofonni shunchaki o‘chirib qo‘yaverishdi. Hattoki konsertning ochilish qismida, “Rossiya” so‘zi oddiy ma’noda ishlatilgan hazillarni ham men bilan kelishmasdan, o‘zlari bilganicha kesib tashlashdi”, – deya yozdi komik Instagram'dagi sahifasida.

28 yoshli Poperechniy urushga qarshi ekani sabab Rossiyani tark etgan. Hozir turli mamlakatlarda gastrol konsertlarini uyushtiryapti. U Toshkentdagi voqeadan xafsalasi pir bo‘lgani, konsertni to‘liq qo‘yib bera olmagani, talabgor tomoshabinlarga hech qanaqa muammosiz chipta pullarini qaytarib berishini aytdi. Bunga javoban Instagram'dagi posti ostida hamyurtlarimiz “O‘zbekistonga xush kelibsiz” deb yozgan izohlarni esa, afsuski, kamida ikki xil ma’noda tushunish mumkin.

Konstitutsiyaviy sud va Senat ham konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni ma’qulladi

Ichki siyosatga qaytamiz. Shu haftalarda davlat uchun eng dolzarb masala konstitutsiyani yangilash bo‘lib turibdi. Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendum o‘tkazishni dushanba kuni Konstitutsiyaviy sud, seshanba kuni Senat ma’qulladi. Chorshanbada qonun matni e’lon qilingan bo‘lsa, payshanbada bu masala bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi majlis o‘tkazdi.

Referendum byulletenida: “Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb yoziladi. 11 ta moddadan iborat qonunning 1-moddasida yangi tahrirdagi konstitutsiya keltirib o‘tilgan, 6-moddasida hokimlarning kengash raisi maqomini bekor qilish muddatlari ko‘rsatilgan, 7-moddasida esa barcha mansabdor shaxslarning vakolat muddatlarini nollashtirish taklif etilgan. Qonun referendum natijalari rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Referendum o‘tkazish uchun davlat budjetidan 182 mlrd so‘m ajratiladi. Bu joriy kursda qariyb 16 mln dollarga teng. Muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlanish arafasida. Referendum kuni, ya’ni 30 aprelda o‘z turar joyida bo‘lolmaydigan fuqarolar muddatidan oldin, 19 apreldan 26 aprelgacha ovoz berishi mumkin.

Referendum fonida yangrayotgan qator yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ayni shu siyosiy jarayonga bog‘layapti. Avvalgi haftalarda bir qator to‘lovlar aholi uchun komissiyasiz bo‘ladi deb e’lon qilingan, Ai-80 benzinini aksiz solig‘iga tortmaslik muddati yil oxirigacha uzaytirilgandi. Bu hafta “O‘zbekneftgaz” yaqin tarixda bo‘lmagan ish – Ai-92 benzini narxini sezilarli arzonlashtirdi. 9200 so‘mdan sotib kelingan Ai-92 “bahorgi chegirma” ekani aytilgan aksiya doirasida 7500 so‘mga tushirildi. Chegirma muddati qachongacha ekani noma’lum.

Yana bir yangilik – Toshkent metrosida pensionerlarga bepul xizmat ko‘rsatiladigan vaqt cheklovi olib tashlandi. 1 apreldan boshlab ular faqat soat 10:00dan 16:00gacha emas, ertalabdan kechgacha metrodan bepul foydalanishi mumkin. Buning uchun metropolitenga davlat budjetidan qo‘shimcha pul beriladi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlari bilan bog‘liq sudga berilgan shikoyatlar uchun davlat boji 2 barobarga arzonlashdi. Tadbirkorlarni E-aktiv tizimiga majburan jalb qilish ikkinchi marta kechiktirildi. Tadbirkorlar o‘z omborlaridagi bor mahsulotlari va boshqa aktivlarini soliqchilarga 2024 yildan boshlab ochiqlab borishi kerak. Eslatib o‘tamiz, bu tartibni majburiy joriy etish 2022 yildan boshlanishi ko‘zda tutilgan, lekin tadbirkorlarning e’tirozlaridan keyin 2023 yil 1 martgacha kechiktirilgan edi.

Ilk marta metan-shoxobchalar tarmog‘ida yoppasiga tekshiruv boshlandi

Surxondaryo viloyati korrupsiyaga qarshi eng yomon kurashayotgan davlat idorasi deb topildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzgan reytingga ko‘ra, hokimliklar ichida ikkinchi eng yomon ko‘rsatkich Andijon viloyatiga tegishli. Vazirliklar orasida esa Suv xo‘jaligi va Energetika vazirliklari eng oxirgi o‘rinlarla.

Energetika vazirligining bunchalik past ball olishiga uning tarkibidagi energoinspeksiyaning hissasi qanaqa bo‘lgani noma’lum. Yaqinda ayni shu inspeksiyaga yangi vakolatlar berilib, gaz va elektr energiyasi o‘g‘riliklarini kamaytirish vazifasi topshirilgan.

Shu hafta imzolangan qonun bilan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, elektr energiyasi va gazdan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilandi. Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Shaffof brendi ostidagi gaz-shoxobchalarida tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Bu brend ostidagi 73 ta xo‘jalik sub’yektiga qarashli 101 ta avtomobillarga gaz quyish shoxobchasining tabiiy gaz va elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi holatlari o‘rganilyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi. Toshkentda o‘tgan chempionatda Ravshan Haydarov murabbiyligidagi jamoa yarim finalda Koreyani penaltilar seriyasida, finalda esa Iroqni penaltidan urilgan yagona gol evaziga mag‘lub etdi. Finalni milliy stadionda prezident Shavkat Mirziyoyev ham kuzatib bordi va g‘oliblarga Osiyo kubogini bevosita o‘zi topshirdi. Chempionlarni oldinda may-iyun oylarida Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati kutyapti.

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrining qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida quriladigan shahar 1 mln aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi. U yerda 420 gektarlik Markaziy bog‘ ham bo‘lishi e’lon qilindi. Davlat idoralari bosqichma-bosqich Yangi Toshkentga ko‘chiriladi, ularning hozirgi binolari o‘rnida mehmonxonalar va savdo obektlari ochiladi. Poytaxtning elektr ta’minotini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha katta dastur ham qabul qilindi.

O‘zbekiston Turkiyaning zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan Hatay viloyatida uy-joylar, maktab va infratuzilma obektlari qurib beradi. Bu haqda Turkiy davlatlar tashkilotining Anqaradagi sammitida Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Tashkilotga a’zo davlatlar 500 mln dollar kapitalga ega Turkiy investitsiya fondini tuzyapti, unda O‘zbekistonning ulushi 100 mln dollar bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqining so‘ngida turk xalqiga murojaat qilib, yaqinda bo‘ladigan prezident saylovida amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga ovoz berishga chaqirdi.

Nukusdagi tartibsizliklar bo‘yicha ikkinchi sud ishi yakunlandi. 39 nafar sudlanuvchidan 28 nafari 5 yildan 11 yilgacha muddatga qamaldi. Eng katta muddat advokat Oralbay Dosnazarovga berildi. Qolgan 11 kishi, xususan 2 nafar jurnalist sud zalidan ozod qilinib, ularga ozodlikni cheklash tarzidagi jazo tayinlandi.

Top