O‘zbekiston | 17:01 / 16.03.2023
32319
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Hatayda uy-joylar, maktab va infratuzilma obektlari qurib beradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Turkiyadagi zilziladan so‘ng prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlarni, jumladan, aholi uchun yuz minglab yangi uy-joylar qurish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha g‘oyat muhim reja va dasturlarni alohida e’tirof etib o‘tdi.

“Zudlik bilan amalga oshirilgan aniq va samarali tadbirlar tufayli ko‘plab odamlarning hayoti va sog‘lig‘i saqlab qolindi, katta miqdordagi mablag‘lar jamlanib, keng ko‘lamli qayta tiklash ishlari boshlandi. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi o‘zining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhi bilan Turkiya yetakchisi atrofida jipslashmoqda.

Barchamiz sizlarga madadkor bo‘lib, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchimizni yo‘naltirishga tayyormiz. Jumladan, biz zilzila markazlaridan biri bo‘lgan va qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz.

Biz barpo etmoqchi bo‘lgan ko‘rkam uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obektlari kelgusida tom ma’noda yaqin do‘stlik va birdamligimizning yorqin timsoliga aylanishiga aminman”, dedi O‘zbekiston prezidenti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning O‘zbekistonda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratib beriladi. Bu guruhlarga Turkiya tashkilot Oqsoqollar kengashi boshchilik qilishi taklif etildi.

“Shu bilan birga, biz bu yil yoz mavsumida Hatay yoshlarini ham O‘zbekistonga taklif etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini tomosha qilishlari, ota yurtlarida o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishlari uchun zarur barcha ishlarni amalga oshirish niyatidamiz”, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid