Prezident farmoni bilan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda. Farmon matni O‘zAda e’lon qilindi.
2023 yil 1 apreldan boshlab:
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilanmoqda;
- harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida u halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilanmoqda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berilmoqda;
2023 yil 1 maydan boshlab:
- oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
- oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;
- belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi
















