Sport | 14:04 / 22.06.2023
26499
12 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu Portugaliya uchun 200-o‘yinini o‘tkazdi. Uning milliy jamoa libosidagi asosiy o‘yinlari qanday kechgan?

Krishtianu - Ginness rekordlari kitobida.

Foto: Global Look Press

Krishtianu Ronaldu to‘xtash haqida o‘ylamayapti: 20 iyun kuni u Portugaliya milliy jamoasi uchun 200-o‘yinini o‘tkazdi va milliy jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha Ginness rekordlar kitobi sertifikatini oldi. Ammo bu hali hammasi emas: Portugaliya uchun yubiley o‘yinida 38 yoshli forvard 89-daqiqada Islandiya darvozasiga g‘alaba golini urdi. Krish bu oqshomni uzoq vaqt xotirasida saqlab qolishi tayin. Quyida Ronalduning milliy jamoa safida o‘tkazgan boshqa unutilmas o‘yinlari yodga olinadi.

1-o‘yin

Portugaliya — Qozog‘iston — 1:0, 2003 yil 8 avgust. O‘rtoqlik o‘yini

Krishtianu 2003 yil avgustida, hali juda yoshligida milliy jamoa uchun debyut qilgan: «Manchester Yunayted» safiga o‘tganiga bir hafta bo‘lganida ushbu yigitcha o‘shanda portugaliyaliklarga ustozlik qilgan Luis Felipe Skolari tomonidan asosiy jamoaga chaqiriladi. U Qozog‘istonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvining ikkinchi bo‘limida Ronalduni maydonga chiqaradi. E’tiborli jihati shundaki, Portugaliyaning bo‘lajak yulduzi tanaffusda o‘tmish yulduzi — Luish Figuni almashtiradi.

Maydonga tushganiga ikki daqiqa bo‘lganida Krish to‘pni egallab raqib darvozasi tomon chopadi va gol urishiga bir baxya qoladi, ammo darvozabon Yuriy Novikov xavfni bartaraf etadi. Yosh debyutant o‘yinda gol ura olmaydi, lekin bir qancha xavfli vaziyatlar yaratib, o‘zining ajoyib texnikasini namoyish etadi va darhol tilga tushadi.

10-o‘yin

Ispaniya — Portugaliya — 0:1, 2004 yil 20 iyun, Yevro-2004 guruh bosqichi o‘yini

Vunderkindani 2004 yilgi Yevropa chempionati uchun tarkibga jalb qilishadi, shunchaki piar uchun emas. Ron  turnir davomida zaxira futbolchisidan asosiy tarkibning almashtirilmas futbolchisiga aylanadi va ispanlarga qarshi guruh bosqichidagi o‘yin uning milliy jamoada ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushishi bo‘ladi. Bungacha o‘tkazilgan ikki turda portugallar greklarga yutqazgan va rossiyaliklarni mag‘lub etishgandi — pley-offga chiqish uchun 3-turda faqat g‘alaba kerak edi.

Bu vaqtga kelib Krishtianuning iste’dodi haqida butun Yevropada gapira boshlashgan, shuning uchun raqiblar unga ko‘ngilchanlik qilib o‘tirishmasdi. Yarimhimoyachi to‘pni qabul qilishi bilan unga darhol ikki raqib tashlanardi. Ronaldu 85 daqiqa o‘ynaydi va maydonni olqishlar ostida tark etadi, bir necha daqiqa o‘tib arbitr portugallarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi va pley-offga chiqishini qayd etadi. Portugaliya finalgacha yetib boradi va hal qiluvchi bahsda turnirdagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oladi — yana o‘sha greklardan.

Foto: Global Look Press

50-o‘yin

Ozarboyjon — Portugaliya — 0:2, 2007 yil 13 oktyabr, Yevro-2008 saralash o‘yini

2007 yilga kelib Krishtianu hali 22 yoshda ekaniga qaramay, APLda va butun dunyo miqyosida to‘laqonli yulduzga aylanib bo‘lgandi. Qolaversa milliy jamoani sardorlik bog‘ichi ostida maydonga boshlab tushishga ham ulgurgandi — brazillarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida.

Taxminan o‘sha vaqtlarda portugaliyalik futbolchi tezkor va texnar vingerdan gol mashinasiga aylanishi boshlanadi: Yevro-2008 saralashida u belgiyaliklar, polyaklar, qozoqlar va armanlar darvozasiga gollar uradi. 50-o‘yin Ozarboyjonga qarshi to‘g‘ri keladi, ammo bu o‘yinda Krishtianu darvozani ishg‘ol eta olmaydi. Ronalduga qarshi ayovsiz follar qilishadi va to‘pga egalik qilmasligi uchun tirsak bilan zarbalar berishadi. Natijada Krish chindan ham o‘yinga qo‘shilib keta olmaydi, ammo uning o‘rniga Brunu Alvesh va Ugu Almeyda gol urishadi.

100-o‘yin

Portugaliya — Shimoliy Irlandiya — 1:1, 2012 yil 16 oktyabr, JCh-2014 saralashi

Ronalduning navbatdagi yubiley o‘yini Shimoliy Irlandiyaga qarshi kechadi. Ozarboyjonga qarshi o‘yindan buyon juda ko‘p suv oqib o‘tgandi: Krishtianu «Real»da tinimsiz gol urar va ham klubda, ham milliy jamoada asosiy yulduz edi. U endi APLda to‘p suruvchi umidli futbolchi, dribler-simulyant emas, balki «Oltin to‘p» sohibi va millionlab muxlislar kumiri edi.

Lekin yuzinchi o‘yinida Ronaldu u qadar yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi. U gol urmasdan maydondan olinadi, Portugaliya esa 79-daqiqagacha hisobda ortda borayotgan, faqat Elder Poshtiganing sa’y-harakatlari bilan hisobni tenglashtirgandi.

150-o‘yin

Portugaliya — Jazoir — 3:0, 2018 yil 7 iyun, o‘rtoqlik o‘yini

Bu Krishtianu golli harakat amalga oshirgan ilk yubiley bo‘ladi: o‘shanda sardor Brunu Fernandeshga golli uzatma beradi va jazoirliklar yirik hisobda tor-mor etilishida ishtirok etadi. Bu Ronalduning Rossiyadagi 2018 yilgi jahon chempionati arafasidagi so‘nggi o‘yini edi: mundialda esa u ispanlar darvozasiga het-trik qayd etadi, marokashliklar bilan o‘yinda g‘alaba golini uradi, ammo jamoasi bilan 1/8 finalda Urugvayga yutqazib, turnirni tark etadi.

Birinchi

  • Krishtianu Ronaldu milliy jamoa safida 200 o‘yin o‘tkazgan tarixdagi ilk futbolchi bo‘ldi. Portugaliyalikning bu boradagi asosiy raqobatchisi, kuvaytlik forvard Badir Al-Mutava 196-o‘yinidan keyin to‘xtagan, so‘nggi bir yil davomida birorta o‘yinda maydonga tushmagan. Xalqaro faoliyatida 160 dan ortiq o‘yinda maydonga chiqqan futbolchilar qatorida Lionel Messi (175) va Luka Modrich (166) kabilar ham bor.

Ronalduning milliy jamoa uchun top-5 o‘yini

Foto: Global Look Press

5. Portugaliya — Niderlandiya — 2:1, 2012 yil 17 iyun, Yevro-2012 guruh bosqichidagi o‘yin

Guruhning yakuniy o‘yinida portugallarga g‘alaba kerak va parallel uchrashuvda daniyaliklar ham nemislar bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashi jamoa foydasiga ishlardi. Niderlandlar esa 11-daqiqadayoq hisobni ochib, Portugaliyani o‘ta noqulay holatga tushirib qo‘yishadi.

28-daqiqada Ronaldu ofsayd chizig‘ida ideal harakatlanib, hisobni tenglashtiradi. Keyin esa Stekelenburg darvozasi tomon adoqsiz qamal boshlanadi. Portugallar darvoza sari 22 zarba yo‘llashadi, shundan 9 tasi darvoza sohasiga aniq boradi va faqat 74-daqiqada Krishtianu undan kutilgan ishni amalga oshiradi. U aldamchi harakati bilan himoyachi va darvozabonni bir tomonga tashlaydi va sovuqqonlik bilan ikkinchi golni uradi. Portugaliya Ronalduning goli evaziga Chexiyani ham yengadi, ammo yarimfinalda eng yaxshi yillarini o‘tkazayotgan ispanlarga duch kelishadi va penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ladi.

4. Portugaliya — Shveytsariya — 3:1, 2019 yil 5 iyun, Millatlar ligasi-2019 yarimfinali

Bu Krishdan boshqa hech kim faxrlana olmaydigan yutuq. U — Millatlar Ligasi kubogini boshi uzra birinchi bo‘lib ko‘targan futbolchi. 2019 yilda uning jamoasi yarimfinalga chiqib, Shveytsariyaga qarshi maydonga chiqadi. U bu o‘yinda het-trik amalga oshiradi (o‘sha vaqtda bu uning milliy jamoadagi yettinchi het-trigi bo‘lgandi), gollardan birini esa jarima zarbasidan kiritadi. To‘p himoyachilar boshi ustidan uchib o‘tadi va uzoq burchakka borib tushadi.

Yakunda Portugaliya milliy jamoasi finalda Niderlandiyani yengadi va nufuzli sovrinni qo‘lga kiritadi.

3. Portugaliya — Uels — 2:0, 2016 yil 6 iyul, Yevro-2016 yarimfinali

Madridning «Real» klubining asosiy yulduzlari Krishtianu va Garet Beyl to‘qnashuvi butun Yevropa bo‘ylab millionlab tomoshabinlar diqqat markazida turadi. Portugallarning o‘z kuchiga ishonchi oshgan va xalqaro maydonlardagi ilk sovrinni qo‘lga kiritishga jiddiy bel bog‘lagandi (bungacha Portugaliya jahon chempionatida ham, Yevropa chempionatida ham g‘olib bo‘lmagandi).

Turnirda sensatsiya ko‘tarib yarimfinalga chiqib kelgan Uelsga qarshi o‘yinda Krish butun maydon bo‘ylab yuguradi va mudofaaga yordam berishdan ham tortinmaydi, yakunda bir gol urib, bir golga uzatma beradi. Avvaliga burchak zarbasidan keyin o‘z uslubida havoda to‘p uchun kurashda raqibning barcha himoyachilaridan ustun kelib, boshi bilan hisobni ochadi, bir necha daqiqadan keyin uning jarima nuqtasidan bergan zarbasi Naniga golli uzatmaga aylanadi. Beyl qolgan vaqt ichida jamoasini qutqara olmaydi va bu qarama-qarshilikda KriRo ustun keladi. Finalda portugallar Fransiyani mag‘lub etishadi, o‘yin boshida jarohat olib safdan chiqqan Ronaldu yordamchi murabbiy vazifasida o‘zini sinab ko‘radi, o‘yindan keyin esa faoliyatidagi asosiy sovrinni, milliy jamoa bilan qo‘lga kiritilgan kubokni boshi uzra ko‘taradi.

2. Portugaliya — Vengriya — 3:3, 2016 yil 22 iyun, Yevro-2016 guruh  bosqich o‘yini

Haqiqiy triller — va yana o‘sha Yevro o‘yini. Vengrlar guruhdagi hal qiluvchi o‘yinda uch bor oldinga chiqib olishadi, portugallar uch bor javob qaytarishadi. Jamoalar kim pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olishi masalasini (birinchi yoki ikkinchi o‘rin bilan) hal qilishadi, uchinchi o‘rinda qolgan jamoaga hech narsa kafolatlanmasdi.

Ronaldu o‘yinda borini beradi: dubl rasmiylashtiradi va yana bir golga uzatma amalga oshiradi. Gollaridan birini forvard qanotdan berilgan uzatmaga ideal darajada moslashgan holda tovoni bilan uradi. «Bu aql bovar qilmas o‘yin edi. Biz uch bor Yevropa chempionatini tark etdik [o‘yin davomida] va har safar qayta oldik. Bu og‘ir o‘yin edi, barcha narsa qaynadi, ammo asosiy maqsad oldinga borish edi», — deya eslaydi Krishtianu bu o‘yinni.

1. Portugaliya — Ispaniya — 3:3, 2018 yil 15 iyun, JCh-2018 guruh bosqichi

Butun Sochi kurortini larzaga solgan o‘yin. Top jamoalar to‘qnashuvining ilk daqiqalaridan Ronaldu penalti ishlaydi va o‘zi aniq ijro etadi, birinchi bo‘lim oxirida esa kuchli zarbasi bilan to‘pni David de Xeaning oyoqlari orasidan o‘tkazadi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa ispanlar ketma-ket gollar urishadi va endi portugallar 2:3 hisobida yutqaza boshlashadi. Ammo o‘yin oxirida Portugaliya jarima zarbasi ijro etish huquqiga ega bo‘ladi. Krishtianu uchun bu og‘riqli mavzu edi — u ancha vaqtdan buyon jarima zarbasidan gol ura olmayotgandi. Ammo bu safar barchasi o‘xshaydi — ideal zarba va chiroyli gol jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoladi.

  • Milliy jamoa uchun urilgan gollar bo‘yicha poygada Ronaldu 14 gollik farq bilan eronliklar afsonasi Ali Dayini ortda qoldirib ketgan. Messi esa 20 gol farqi bilan uchinchi o‘rinda.

Mavzuga oid