“Karimovlar ishi” bo‘yicha sud noma’lum muddatga qoldirildi

Haftaning asosiy voqealaridan biri bo‘lishi kutilgan sud majlisi keyinroqqa qoldirildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida O‘zbekistonning sobiq birinchi xonimi Tatyana Karimovaga nisbatan kiritilgan da’voni ko‘rib chiqish dushanba kuni boshlanishi kerak edi. Lekin sud jarayonini boshlash Karimovaning rasmiy vakili bergan arizaga asosan, noma’lum muddatga qoldirildi.

Shuningdek, bu ish bo‘yicha sud majlislari har ikki tomonning so‘roviga asosan yopiq tarzda ko‘riladigan bo‘ldi. Dushanba kuni sudga ikkala taraf ham kelmagani sabab jurnalistlarda tomonlarning vakillaridan intervyu olishga imkon bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, bu ishda da’vogar taraf – Islom Karimovning birinchi nikohidan ko‘rgan o‘g‘li Pyotr Karimov. U Tatyana Karimovaga nisbatan vorislik huquqini talab qilgan holda da’vo qo‘zg‘agan. Sudning onlayn jadvalida bu ish bo‘yicha ilk majlis qachonga belgilangani haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

Yozning chillasida Toshkentda yana daraxt ko‘chirib o‘tkazildi

Yangihayot tumanida, yer usti metrosining 14-bekati oldidagi 17 tup chinorning shoxlari va tomirlari kesilib, ekilgan o‘rnidan sug‘urib olindi va joyga o‘tqazish uchun olib ketildi. Bu o‘rinda metroning tasdiqlangan loyihasi bir necha yil oldin tayyor bo‘lgani, shunga asosan mas’ullar daraxtlarni kuzda, qishda yo bahorda ko‘chirmasdan, nega yozning jazirama kunlariga qoldirganini tushunib bo‘lmaydi.

Botanika instituti bo‘lim boshlig‘i Atirgul Xolmirzayeva biz bilan suhbatda ko‘chirilgan daraxtlarning yashab ketish imkoniyati deyarli nolga tengligini aytdi. Shaharning bosh ekologi Farhod Dehqonov esa mas’uliyatni daraxt ko‘chiruvchi kompaniyaga yukladi. Uning aytishicha, kompaniya daraxtlarni o‘stirib berish majburiyatini olgan. Agar daraxtlar qurib qolsa, ko‘chiruvchilar buning uchun javobgarlikka tortiladi.

Kun.uz bu holatdan aholi murojaatidan keyin xabar topdi. Lekin afsuski, ko‘plab holatlarda katta-katta daraxtlarni ko‘chirish jarayonlari jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan. Masalan, bundan ikki yil oldin Qo‘yliqdan Sergeligacha yer usti metro liniyasi qurilishi sabab 785 tup daraxt boshqa joyga ko‘chirilishi