O‘zbekiston | 21:37 / 29.06.2023
42904
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaga ishlashga borgan 300 o‘zbekistonlik vokzalda yotgani aks etgan video tarqaldi. Vazirlik holat o‘rganilayotganini bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Turon World Cooperation xususiy bandlik agentligi MChJ tomonidan Germaniyaga ishga yuborilgan yigitlar ayni paytda Myunhendagi temiryo‘l vokzalida qolishayotgani ko‘rinadi. MChJ vakillari esa qayergadir g‘oyib bo‘lgani aytilmoqda.

Bloger Nikita Makarenko o‘zining telegram-kanalida O‘zbekiston fuqarolari ishlash uchun Germaniyaga borgani, ammo u yerda qiyin ahvolda qolgani aks etgan videoni e’lon qildi.

“Uch yuzga yaqin o‘zbekistonliklar ularni go‘yoki Germaniyaga ishlash uchun olib borgan, so‘ngra qayergadir g‘oyib bo‘lgan Turon firmasining qurboniga aylanishdi. Yigitlarga AQShdagi Work and Travel dasturining muqobili bo‘lgan Ferienjob dasturi asosida ishga joylashtirish va’da qilingan. Ular hozir vokzalda tunashmoqda, qayerga borish, nima qilishni bilishmayapti. Bu video bugun (28 iyun kuni nazarda tutilmoqda – tahr.) Myunhendagi temiryo‘l vokzalida tasvirga olingan.

Mana shunday pastkashlar bor bizda: nemislar bizga ishonishmoqda, viza berishmoqda, ular yigitlarimizni Germaniyada ko‘rishdan mamnun. Biznikilar esa o‘zimiznikilarni aldashmoqda. Bunday holatdan keyin kim ham biz bilan ishlardi?!

Umid qilamanki, Berlindagi elchixonamiz yigitlarimizga yordam berishadi. Axir ularning bu yerda hech qanday aybi yo‘q. Hushyor bo‘linglar. Atrof to‘la firibgarlar”, deb yozadi bloger.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamoatchilik o‘rtasida rezonansga sabab bo‘lgan voqea yuzasidan bayonot berdi.

“Dastlabki o‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, Turon World Cooperation Xususiy Bandlik Agentligi MChJ vakillari o‘zlariga tanish bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda 2023 yilning may-iyun oylarida Work and travel dasturi orqali Germaniyaga 102 nafar talabani jo‘natgan. Ammo Germaniyaga yetib borgan talabalarni ish bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelgan.

Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan, vaziyatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinadi va natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning NoVo Agency tashkiloti hamkorligida Work and travel dasturi doirasida joriy yilda 310 nafar talaba Germaniyaga yetib borib, ishga joylashgan va yana 39 nafarining viza olishi kutilmoqda. Ushbu talabalar tomonidan bugungi kunga qadar murojaat kelib tushmagan.

Vazirlik fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish bilan shug‘ullanish litsenziya talab etadigan faoliyat turi hisoblanishini, bugungi kunda O‘zbekistonda faqatgina 9 ta xususiy bandlik agentligi litsenziyaga ega ekanini eslatgan.

Biroq vazirlik rasmiy saytida keltirilgan reyestrda Turon World Cooperation Xususiy Bandlik Agentligi MChJ litsenziyaga ega bandlik agentligi ekani qayd etilgan. O‘zbekistonliklarni xorijga ishga yuborish bo‘yicha rasmiy ruxsatnomaga ega tashkilot bilan nima uchun muammo yuzaga kelgani hozircha ma’lum emas.

Avvalroq Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijda ishga joylash vakolatiga ega bo‘lmagan tashkilotlar bilan shartnoma tuzmaslikka chaqirgandi. O‘zbekistonda 5 yil ichida 73 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda O‘zbekistonda Xususiy bandlik agentliklari reyestridan o‘tgan, ammo litsenziyasi bo‘lmagan 118 ta xususiy bandlik agentligi mavjud.

Mavzuga oid