Toshkent shahri Yangihayot tumanidan o‘tgan yerusti metrosining 14-bekati oldidagi 17 tup chinor daraxti qazib olinib, boshqa joyga ko‘chirilgani haqida Kun.uz'ga murojaat kelib tushdi. Murojaat xatida ko‘p yillik daraxtlarning ko‘chirilish oldidan yon shoh va o‘q ildizlari kesib tashlangani, ularning endilikda qurib qolishi mumkinligidan xavotirlar bayon qilinadi.
“O‘sib turgan yirik chinorlar yozning chillasida boshqa joyga ko‘chirilmoqda. Buning ustiga katta-katta chinorlarni avval kallaklab, keyin kavlab olishmoqda. Bunday holatda ko‘chirilgan chinorlarning o‘sib ketishi ham oson bo‘lmasa kerak. Axir necha yillik chinorlar-ku, achinishmaydimi, ularni o‘stirib, shu holatga keltirish ham oson emas”, – deyiladi murojaatda.



Kun.uz muxbiri ko‘p yillik daraxtlarning suratda ko‘rinib turgan holatda ko‘chirilishi daraxt ko‘chirish standartlariga qanchalik mosligi, shuningdek, yozning chillasida ko‘chirilgan daraxtlarning endilikda unib ketish imkoniyati qanchalik, degan savol bilan Toshkent Botanika instituti bo‘lim boshlig‘i Atirgul Xolmirzayevaga murojaat qildi.
Mutaxassis savolga javoban fuqarolarning xavotiri to‘la asosli ekanini ta’kidladi.

“Hozir – yozning chillasida ekilgan har qanday daraxt qattiq stressga tushishi aniq. Buning ustida suratdagi daraxtlarning yon shoxlari va o‘q ildizi kesib tashlanganini ko‘ryapman. Ularda faqat kichik yon ildizlar qoldirilgan va daraxtlar kuch bilan sug‘urib olingan. Mutaxassis sifatida aytamanki, shu holatda ko‘chirilayotgan chinorlarning o‘sib ketish imkoniyati deyarli nolga teng. Endi chinorlarning tutib ketishi uchun juda katta mehnat, kuch va vositalar talab qilinadi.
Bundan tashqari, suratlarda chinorlar yetarli tuproq bilan olinmagan, ildizlar shunchaki ochiq holatda turibdi. Bunda ular shamollaydi va issiqda qurib qoladi. Ishlar shunchaki qilingani ko‘rinib turibdi”, – dedi Xolmirzayeva.







