O‘zbekiston | 20:14 / 15.07.2023
26249
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi migratsiya agentligidan navbatdagi “tomosha”mi? Janubiy Koreya uchun imtihon ballari o‘zgartirib qo‘yildi

Kun.uzʼning murojaatlar bo‘limi shu kunlarda Janubiy Koreyada ishlash istagida bo‘lgan yuzlab fuqarolarning shikoyatlari bilan to‘lib ketdi. Shikoyat mazmuni bir xil: Koreya tomoni imtihondan o‘tish pog‘onasini 40 ball deb belgilagan, Agentlik esa 45ga o‘zgartirgan.     

Fotokollaj: Kun.uz

Koreya Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lganlar orasida 7-19 iyun kunlari imtihonlar bo‘lib o‘tgan. Shikoyatchilarning bizga bildirishicha, Koreya tomoni imtihondan o‘tish ballini 40 ball deb belgilagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston tomoni o‘tish ballini 45ga o‘zgartirgan.

13 iyul kuni “Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan xizmat ko‘rsatish sohasi uchun o‘tish balli 45 ball etib belgilandi” degan e’lon chiqdi. Bu “yangilik” oqibatida ko‘plab fuqarolar, garchi e’lon qilingan 40 ballni qozongan bo‘lsalar-da, imtihondan o‘tganlar “qayig‘i”dan tushib qoldi.

Shuni aytish kerakki, Koreya tomoni resursida o‘tish balli 40 balligicha turibdi.

Mazkur holatdan norozi bo‘lgan fuqarolar Migratsiya agentligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga borib, shikoyatlarini bildirishgan.

Kun.uz vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari bilan bog‘landi. Uning bildirishicha imtihon topshiruvchilar ko‘payib ketgani sabab o‘tish balli 40 balldan 45 ballga ko‘tarib qo‘yilgan. Tahririyat bilan suhbatlashgan (suhbat 15 iyul kuni soat 11:20 da bo‘lib o‘tgan) matbuot xizmati rahbari yaqin soatlar ichida vazirlik sahifalarida rasmiy bayonot e’lon qilinishini aytgandi. Ammo ish kuni yakuniga qadar ham na vazirlik va na agentlik sahifalarida va’da qilingan bayonot paydo bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuborish bilan bog‘liq jarayonlaridagi korrupsiya va qonunbuzilishlariga oid ko‘plab maqola va videolar e’lon qilib kelmoqda. Ammo hanuzgacha bunga vakolatli organlar, xususan qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishiga mas’ul Bosh prokuratura e’tibor qaratgani yo‘q.

Joriy yil 1 iyun kuni prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDeP qurultoyida tashqi mehnat migratsiyasi tizimi to‘liq isloh qilinishini aytgandi.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarning izohini kutib qolamiz.

Mavzuga oid