Ayol ko‘ngli chil-chil sinib, qattiq toshga aylanmaydimi? Mehr istagan qalbi alamzadalikka to‘lmaydimi? Oydek yuzlarida xo‘rlanganlik alamining zahri qotib qolmaydimi? Ayni shunday bo‘ladi. Ayol suyanishni istaydi. O‘zining bir mard kishisi bo‘lishini, beshafqat hayotning hamlalaridan o‘sha kishisi himoya qilishini istaydi. Unday mardi topilmasa, ayol xorlik ko‘rsa, u gul emas chayonga aylanadi, chayonga!
Ëzuvchi Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining «Chayongul» nomli qissasida aynan «gul»ning «chayon»ga aylanish holatini ko‘rsatib bergan.
Syujyet:
Quyiqishloq nomli qishloqda yashovchi Chaman momoning ikki qizi va bir o‘g‘li bor. Katta qizi Gulgunni qo‘shni qishloqqa uzatgan. 4 yoshli nabirasi ham bor. 20 yoshli o‘g‘li Yoqub Toshkentda o‘qiydi. Kenja qizi Gulshod 10-sinf o‘quvchisi.
Gulgun turmushga chiqqaniga 5 yil bo‘libdi hamki haligacha qaynona va turmush o‘rtog‘i bilan til topisholmaydi. O‘sha mash’um voqea sodir bo‘lgan kun ham arazlab kelib o‘tirgandi. Pomidor terimiga ikki dugonasi bilan chiqib ketayotgan Gulshod opasidan bugun uyda qolish-qolmasini so‘raydi. Gulgun qolmasligini aytadi.
Gulshod opasi bilan ozroq o‘tirish maqsadida ikki dugonasini jo‘natib yuboradi. Aslida Gulgun butunlayga kelgandi. Buni esa biroz vaqt o‘tgach aytadi. Opasining uylarida qolishini bilgan Gulshod dugonalarining ketidan shoshiladi. Yo‘lni qisqartirish maqsadida so‘qmoqdan yuradi. Kimsasiz so‘qmoq bo‘yidagi anhorda Ashur ismli qishloq yigiti baliq tutayotgan bo‘ladi va Gulshodni yordamga chaqiradi. Gulshod yugurib paqir olib boradi.
Orada Ashur qizning go‘zalligidan ko‘z uzolmay qoladi va niyati buziladi. Qizga tashlanib, tegina boshlaydi. Qiz ojizlik qiladi. Amallab qutulib ketay degan payt Ashurning hali go‘dak bo‘lgan ukasi Akbar kelib qoladi va akamni uryapti deb o‘ylab Gulshodning sochidan tortib, yiqitadi. Mash’um hodisa sodir bo‘ldi...
Uyiga dodlab kelgan Gulshodni ko‘rgan Chaman momo adoyi tamom bo‘ladi. Voqea joyiga yugurishadi. U yerda Ashur, Akbar va ularning dadasi Adham muallim turardi. Ayollarning jahlini bosishga va bir yechimini topishga uringan muallim 4-5 kundan keyin sovchi yuborishga va’da berib Gulshodlarni uyiga jo‘natadi.
Bir hafta o‘tibdiki sovchidan darak yo‘q. Gulgun va Chaman momoning yuragiga qo‘rquv tushadi. Orada Yoqub ham Toshkentdan kelib ketadi. Ammo unga hech narsa aytishmaydi...
Bir kuni Gulshod maktabda Akbarga duch keladi. Akbar: «Akam sizga baribir uylanmaydi. Oyim ruxsat bermadi. Akamni tog‘amlarnikiga jo‘natib yubordik. Dadam kasal yotibdi», deb aytadi. Gulshod qattiq tushkunlikka tushadi.







