Bortida yevropaliklar bo‘lgan birinchi samolyot allaqachon Nigerdan qaytib, 262 kishini Parijga olib kelgan.

Germaniya o‘z fuqarolariga Fransiya taklifidan foydalanishni, uning samolyotlarida ortga qaytishni maslahat bergan.

Mamlakat hukumatiga radikal guruhlarga qarshi kurashda yordam bergan xalqaro kuchlar tarkibiga kiruvchi mingga yaqin fransuz askari ham Nigerda joylashgan. Hozircha Fransiya ularni olib chiqmoqchi emas.

Afrikaning ushbu davlatida Fransiyaning 600 ga yaqin va Germaniyaning yuzga yaqin fuqarosi istiqomat qiladi.

Italiya Tashqi ishlar vazirligi Niger poytaxti Niameyda to‘qson nafar italiyalik borligi, butun mamlakat bo‘ylab esa ularning soni besh yuzga yaqinligi, ularning aksariyati harbiy xizmatchilar ekanini ma’lum qildi. Ispaniya ham o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda.

Fransiya hukumati, shuningdek, Nigerga fuqarolik reyslari to‘xtatilgani va odamlar, agar xohlasa ham, mamlakatdan mustaqil ravishda chiqib keta olmasligi sababli o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga qaror qilganini ta’kidladi.

Fransiyaning yadroviy yonilg‘i ishlab chiqaruvchi Orano kompaniyasi hozircha Nigerdagi faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi. Nigerda qazib olinuvchi uran uning barcha mahsulotlarining taxminan 10 foizini tashkil qiladi. Fransiya fuqarolarining evakuatsiya qilinishi kompaniya faoliyatiga ta’sir qilmasligi kerak, chunki xodimlarning aksariyati Nigeriya fuqarolari.

Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Niameyda vaziyat nisbatan tinchligicha qolmoqda.

Fransiyaga qarshi namoyishlar

Isyonchilarni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan namoyish. Namoyishchilardan birining qo‘lidagi plakatda shunday yozilgan: «Fransiya yo‘qolsin!» Foto: Reuters 

31 iyul kuni davlat to‘ntarishning yuzlab tarafdorlari Niameydagi Fransiya elchixonasi oldida to‘plangandi. Ular «Yo‘qolsin Fransiya!» deya baqirib, Fransiya bayrog‘ini yoqdi va Fransiya elchixonasini toshbo‘ron qildi, keyin esa bino devorlariga o‘t qo‘ydi.

Politsiya ularni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamidagina tarqatishga muvaffaq bo‘ldi.

To‘ntarish tarafdorlarining bir qismi «Yashasin Rossiya!» va «Yashasin Putin!» deya hayqirgan.