Avtosalonlardagi avgust talato‘pi: UzAuto “Eski O‘zbekiston”ga qaytyapti. O‘rtacha oyliklar statistikasi: o‘qituvchi va shifokorlar kambag‘allashmoqda. Davlat budjetida o‘tkir defitsit: muammo sababiga ko‘z yumilyapti. Ortda qolgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Boshlanib boshlanmagan avtomobil sotuvi

UzAuto Motors Lacetti, Cobalt va Damas sotuvini qayta tikladi. Monopolistning bu safargi kuttirishi rekord darajada uzoq – naq 8 oy davom etdi. Bu muddat yakunida kompaniya narxlarni ko‘pchilik kutganidan pastroq darajada oshirgani va hatto o‘zgartirmagani bilan hayron qoldirdi desak bo‘ladi. Rasmiy e’longa ko‘ra, Chevrolet Lacetti, Cobalt va Damas'ning avvaldan mavjud bo‘lgan, ya’ni 2022 yil mart–dekabr oylarida amal qilgan narxlar o‘zgarishsiz qoldi.

Asosiy modellarning yangi e’lon qilingan komplektatsiyalari nomiga “Style Plus” degan ta’rif qo‘shilgan. Masalan, 27 yildan beri ishlab chiqarilayotgan Damas'ning yangi komplektatsiyasi rasman “Damas D2 DLX Style Plus” deb ataladi. Uning narxi 92,2 mln so‘m deb belgilandi. Bu o‘tgan yili sotilgan komplektatsiyadan 7 foizga qimmatroq. Eng arzon model aynan qanaqa o‘zgarishga uchragani hozircha aniq emas. Shuningdek, Labo'ning “plyus” komplektatsiyasi uchun ham deyarli shunga teng narx – 91,7 mln so‘m narx belgilangan.

Anchadan buyon sotilmayotgan Cobalt'ning mexanik uzatmali komplektatsiyasi sotuvga qaytdi. Narxi – 113,7 mln so‘m. Cobalt'ning avtomat uzatmali yangi komplektatsiyasi uchun bazaviy narxdan 7 foizga qimmat – 134,3 mln so‘m narx belgilandi. Gentra'ning mexanik varianti esa 10 foizga qimmatlashib, 144 mln so‘m, avtomat varianti esa 3 foizga ko‘tarilib, salkam 161 mln so‘mga yetdi. Ta’kidlash kerak, ikkilamchi bozorda deyarli minilmagan Cobalt va Gentra bu narxlardan bir necha ming dollar qimmat narxlarda sotilyapti.

Ana shu katta farqlanish fonida UzAuto Motors sotuvlarni ishlab chiqarish grafigiga moslashtirishini e’lon qildi. Bu degani, muayyan muddatda nechta avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lsa, shuncha miqdordagi avtomobil uchun shartnomalar tuziladi. Bu orqali navbatlar uzoq-uzoq muddatlarga cho‘zilib ketishining oldi olinadi. Lekin boshqa tomondan, cheklangan miqdordagi shartnomalarning bozorga chiqarilishi ajiotajga sabab bo‘ladi. Limit to‘lib qolmasidan oldin ulgurishga harakat qiladigan xaridorlar va olibsotarlar tabiiy ravishda hal gal kontraktatsiya ochilganida qisqa vaqt ichida yana yopilishiga sabab bo‘ladi.