Iqtisodiyot | 18:09 / 03.08.2023
41951
3 daqiqa o‘qiladi

2,9 mln so‘mdan 12,4 mln so‘mgacha – o‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi e’lon qilindi

O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil etgan. Eng ko‘p oylik oluvchilar - bank, moliya va sug‘urta sohasi xodimlari. Ularning o‘rtacha maoshi 12,4 mln so‘mni tashkil qilgan. Tibbiyot xodimlari hamda ta’lim sohasi vakillarining maoshi esa boshqa sohalarga nisbatan eng pastligicha qolmoqda.

Foto: Kun.uz

2023 yilning birinchi yarim yilligiga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi  4 mln 332 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 22 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qilmoqda.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (7 mln 16 ming), Navoiy (5 mln 687 ming) va Toshkent viloyatida (4 mln 368 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (3 mln 197 ming), Samarqand (3 mln 227 ming) va Surxondaryo (3 mln 254 ming) viloyatlarida qayd etilgan. 

Hisobot davrida faqatgina uchta ma’muriy hududda (Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlari) nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

2023 yilning yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 90 ming xodimning ma’lumotlaridan foydalanilgan. Shundan 37,9 foizi ta’lim, 18,5 foizi sanoat, 17,1 foizi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:

●     bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 12,4 million so‘m;

●     axborot va aloqa sohasida –9,5 mln so‘m;

●     tashish va saqlash sohasida – 6,4 mln so‘m;

●     sanoat sohasida – 5,4 mln so‘m;

●     qurilish sohasida – 5,3 mln so‘m;

●     savdo sohasida – 4,8 mln so‘m;

●     yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 3,9 mln so‘m;

●     san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 3,6 mln so‘m;

●     ta’lim sohasida – 3 mln so‘m;

●     sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 2,9 mln so‘m.

Mavzuga oid