Iyulda havo harorati +40 darajadan oshgan kunlar me’yordan ancha ko‘p bo‘ldi - «O‘zgidromet»
2023 yil iyul oyi barcha joylarda iqlimiy me’yordan +1,5...+2,5 darajaga iliqroq bo‘ldi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda yoz faslining o‘rtasi odatda qanday issiq bo‘lsa, ushbu yilning iyul oyi katta qismi ham shunday issiq bo‘ldi.
Oyning harorat tartibi har turli bo‘ldi. Birinchi o‘n kunlikda O‘zbekiston hududiga Kavkazdan salqin havo kirib keldi va hududning katta qismida +32...+36 daraja atrofida bo‘lgan qulay havo harorati kuzatildi va hatto respublikaning eng chekka janubida ham harorat +37...+39 darajadan yuqoriga ko‘tarilmadi.
Ammo ikkinchi o‘n kunlikning boshidan boshlab yoz respublika hududida o‘z ta’sirini o‘tkazishga qaror qildi. Respublika hududiga Erondan yana issiq tropik havo kirib kelishi boshlandi va harorat ko‘tarildi. O‘zbekistonning katta qismida kunduzgi harorat +37...+40 daraja atrofida, eng issiq davrlarda esa +41...+42 darajagacha, janubda +43...+45 darajagacha, cho‘l hududlar va Orolbo‘yida +46 darajagacha bo‘ldi.
Iyul oyida harorat +40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni: Toshkentda 8 kun (o‘rtacha yillik qiymati (me’yor) - 2 kun), Termiz shahrida 24 kun (me’yor - 16 kun), Nukusda 8 kun (me’yor - 4 kun) qayd etildi.
Issiq ob-havo bo‘lishiga qaramay, iyul oyida maksimal havo harorati bo‘yicha yangi rekordlar qayd etilmadi.
Eng issiq iyul oylari reytingida 2023 yil iyul oyi hududning katta qismi bo‘yicha 2019 va 2021 yillarning iyul oylaridan so‘ng birinchi uchlikka kirdi. Respublikaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlari bo‘yicha bu yilning iyul oyi eng issiq iyul oylar orasida 4-6-o‘rinni egalladi.
2023 yil iyul oyi quruq bo‘ldi, bunday holat O‘zbekiston bo‘yicha ushbu oy uchun xosdir. Hududning katta qismida yomg‘ir umuman yog‘madi yoki ularning miqdori biroz bo‘ldi. Faqat respublikaning tog‘li hududlarida bir oy ichida 13 mmdan 30 mmgacha, Toshkent viloyatining baland tog‘larida va Qamchiq dovonida esa oy uchun yog‘ingarchilik 35-48 mmgacha bo‘ldi.