O‘zbekiston | 14:14 / 02.08.2023
51442
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada mijoz mashina oynalarini sindirdi. IIO xodimlari tomoshabin bo‘lib turdi

“Yandeks-taksi” chaqirgan mijoz yetib kelgan avtomobil haydovchisi bilan janjallashib, uning mashinasini pachaq qildi. Voqeani kuzatib turgan IIO xodimlari so‘nggi lahzaga qadar zo‘ravonni to‘xtatishga urinmagan.

Foto: Videodan kadr

Telegram-kanallarda bir erkak yo‘l harakatiga xavf tug‘dirgan va jamoat tartibini buzgan holda boshqa fuqaroni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgancha ta’qib qilgani, quvib yeta olmagach, unga tegishli Cobalt avtomobiliga zarar yetkazgani aks etgan video tarqaldi.

Farg‘onada bo‘lgani aytilayotgan voqeada, erkak qo‘lidagi g‘isht bilan mashina kuzovining yon qismi, old kapotini pachaqlagani, shuningdek orqa, yon va old oynalarini sindirganini ko‘rish mumkin. Lekin yo‘lning qatnov qismida yuz berayotgan mojaroga shu yerda bo‘lgan ichki ishlar organi xodimlari nima uchundir aralashmagan, faqatgina shu atrofdagi odamlar g‘azab otiga mingan barzangini to‘xtatib qolishga uringan.

Videoda qonunbuzar IIO xodimlarining ko‘z oldida jabrlanuvchini ancha joygacha ta’qib qilib borgani, qonun posbonlari esa vaziyatga shunchaki tomoshabin bo‘lishdan boshqasiga yaramagani, tomonlarning mushtlashishi aniq bo‘lganidan so‘nggina xodimlardan biri ularni ajratgani, nizoning oldini olish uchun barzangi qolib, jabrlanuvchini IIO xizmat mashinasiga o‘tirg‘izib olib ketishgani ko‘rinadi.

Viloyat IIB bayonotiga ko‘ra, voqea kecha, 1 avgust kuni Farg‘ona shahrida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro Sh.S. “Yandeks” ilovasi orqali taksi chaqirgan. Uning buyurtmasini Farg‘ona shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan I.R. qabul qilib, birozdan keyin Sobalt mashinasida S.Sh. turgan S.Temur ko‘chasiga yetib kelgan.

Lekin mijoz taksi haydovchisining telefon apparati o‘chib qolganidan va uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganidan jahli chiqib, u bilan janjallashgan va Cobalt'ga hujum qilgan.

Qayd etilishicha, holatning barcha ishtirokchilari shaxsiga oydinlik kiritilgan. Ayni paytda Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mulkka yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tegishli tartibda ekspertiza tayinlangan.

Biroq ro‘y bergan voqea Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddasi bilan malakalanib, huquqbuzarga darhol ma’muriy ish ochish mumkin edi. Jumladan, internetda tarqalgan video qahramonining harakatlarida haqorat qilish (MJtK 41-moddasi, sanksiyasi: BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima), mayda bezorilik (MJtK 183-moddasi, sanksiyasi: BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq), ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik (MJtK 194-moddasi, sanksiyasi: BHMning 1 baravaridan 12 baravarigacha miqdorda jarima), mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish (MJtK 61-2-moddasi, sanksiyasi: yetkazilgan zarar miqdoridan kelib chiqqan holda BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq alomatlari mavjud).

Yana bir gap. Tinch holatdagi haydovchiga elektroshoker qo‘llash, blogerni maxsus operatsiya bilan ushlashning hadisini olgan IIB mazkur voqeada negadir zarar ko‘lamining oldini olish uchun qonunbuzarga na elektroshoker qo‘llagan, na mojaro joyiga qo‘shimcha kuchlarini chaqirgan. IIO xodimlarining bu voqeada o‘zini tutishlari eng kamida hokimiyat harakatsizligi sifatida malakalanishi zarur.

Ta’kidlash lozim, o‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev aynan Farg‘onaga borib, viloyatdagi ichki ishlar tizimini huquqbuzarlik profilaktikasi va boshqa masalalarda qattiq tanqid qilgan va viloyat IIB rahbarini ishdan olgan edi.

Mavzuga oid