Keyingi paytlarda tender savdolariga eng ko‘p qo‘yilayotgan mahsulot bu quyosh panellari hisoblanadi: ijtimoiy soha obektlariga quyosh panellari sotib olish va o‘rnatish uchun yuzlab tenderlar o‘tkazilmoqda.

Ammo ko‘plab holatlarda g‘olib deb topilgan firmalarning faoliyat turi elektr energiyasi sohasi bilan bog‘liq emas. Bu milliardlab so‘mlik quyosh panellarining o‘rnatilish sifati va kafolatini shubha ostiga qo‘yadi.

Kun.uz iyul oyida o‘tkazilgan, qiymati 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan quyosh panellari bilan bog‘liq shubhali tenderlarga e’tibor qaratdi.

1-holat: Bojxona instituti

Bojxona instituti 23 iyun kuni institut hududidagi binolarga quvvati 300 kW'dan kam bo‘lmagan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha 3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan tender e’lon qilgan. 14 iyul kuni o‘tkazilgan tenderda 2 mlrd 520 mln so‘mlik taklif bilan “Good Food Catering” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan shartnoma imzolangan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, 2019 yilda tashkil etilgan “Good Food Catering” MChJ ovqatlanishni tashkil qilishning boshqa turlari bilan shug‘ullanadi. Ya’ni uning faoliyat turi energetika sohasi bilan aloqador emas.

“Good Food Catering” MChJ quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha tajribaga ham ega bo‘lmasligi mumkin – korxona o‘tgan bir yil davomida biror marta quyosh panellari o‘rnatib berish bilan bog‘liq bo‘lgan tenderlarni qo‘lga kiritmagan.

Bojxona instituti boshlig‘i v.v.b. Rustam Habibov raisligida o‘tgan tenderda 20dan ortiq firma qatnashgan. Ularning ayrimlari ayni shu – quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanib kelayotgan firmalar.