12:32 / 02.08.2023
37481

Prokuror Abduqodir Mo‘minovni 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi

Davlat ayblovchisi sudyadan Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bo‘yicha sudlanayotgan Mo‘minovga uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini berishni so‘radi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Bloger Abduqodir Mo‘minov ustidan sud tergovi yakunlanib, sud muzokaralari boshlandi.

Gazeta.uz xabariga ko‘ra, muzokaralarda prokuror suddan Mo‘minovni uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum etish va unga 3 yil davomida jurnalistik faoliyatni cheklashni so‘ragan.

Shuningdek, blogerga BHMning 400 barobari miqdorida (132 mln so‘m) jarima jazosi ham so‘ralgan.

1990 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, “Oynaga qarang” MChJ rahbari Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bo‘yicha – shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, tovlamachilik, firibgarlik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish va pora berishda ishtirokchilikda ayblanyapti.

Bloger 2023 yilning 8 fevralida hibsga olingandi. Toshkent shahar IIBB uni internetda video tarqatish orqali jinoyat ishini hal qilib berish uchun 10 ming dollar so‘rab, shundan 3800 dollarini olganlikda, boshqa bir holatda esa sahifasida tanqidiy videoni chiqarmaslik evaziga 70 ming dollar so‘raganlikda ayblagan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Qo‘qonda bloger Olimjon Haydarov qamoqqa olingan edi.

Mavzuga oid
Top