AQSh va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: sobiq MRB xodimi nega Moskvaga qochib kelgandi?
1985 yil yoz fasli. SSSRning Finlandiya poytaxti Xelsinki shahrida joylashgan elchixonasiga amerikalik shaxs siyosiy boshpana so‘rab murojaat qiladi. Bir necha kun o‘tgach KGBga tanish bo‘lgan bu odam Moskvaga yuboriladi. Mazkur shaxs sovet josuslari bilan hamkorlik qilganlikda gumonlanib AQShda qidiruvga berilgan Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi edi.
2002 yil 12 iyul. Moskva yaqinidagi dalahovlilardan birida sayr qilib yurgan erkakning oyog‘i toyib yiqiladi va boshi toshga uriladi. Oqibatda u og‘ir tan jarohati olib vafot etadi.
Erkakning jasadini oradan bir kun o‘tib topib olishadi va jasadini kuydirib, qabristonlardan biriga dafn etishadi. Uning qabr toshiga «Hurmatli Edvard Yanovichga do‘stlaridan» deb yozib qo‘yishadi.
Mazkur shaxs 1985 yilda AQShdan SSSRga qochib kelgan sobiq MRB xodimi Edvard Li Hovard edi. U KGB bilan hamkorlik qilgani uchun AQShda shubha ostiga olingan va oxir-oqibat Moskvaga qochgan edi.
AQSh va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa, KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi xodimlaridan juda ko‘pchiligi G‘arb davlatlariga qochib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Ularning aksariyati AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, aksincha Britaniya yoki AQSh xavfsizlik xizmati xodimlaridan ayrimlari sovetlar foydasiga ishlagan.
KGB josuslarining G‘arbga qochib o‘tishlariga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlashmaganini aytishgan.
Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan. Yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lishgan va G‘arbga qochib o‘tishgan.
Biroq shunday bo‘lsa-da MRB yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati foydasiga ishlagan josuslarga, G‘arbga qochib borib ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan KGB xodimlariga juda katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.
Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.
Ularning ayrimlari sovetlarning «butun dunyoni teng qilish» haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari o‘z davlatida jabr chekkani uchun alamzada bo‘lgani uchun shu yo‘lni tanlagan. Ana shulardan biri sobiq MRB xodimi Edvard Li Hovard edi.
Hovard xotini bilan birga MRBda ishlab yurganida undan giyohvand moddalar iste’mol qilishda shubhalanishadi va ishdan bo‘shatishadi.
Shundan so‘ng u alamzada bo‘lib qoladi va KGB josuslari bilan hamkorlik qila boshlaydi. MRBdagilar undan shubhalana boshlashgach, Finlandiya orqali SSSRga qochib keladi.
Harbiy bo‘lishni orzu qilgan yigit
Edvard Li Hovard 1951 yilda Nyu-Meksiko shtatidagi Alamagordo shahrida tug‘iladi. 1945 yilda bu shahar yaqinidagi poligonda dunyodagi birinchi atom bomba sinovi o‘tkazilgan va Alamagordo shu bilan mashhur.
Hovardning otasi raketa qurollari bo‘yicha mutaxassis edi va o‘g‘lining harbiy bo‘lishini orzu qilardi. Biroq unga harbiy bo‘lish nasib qilmaydi.
1972 yilda Hovard Texas universitetini tugatgach, bir muddat xususiy kompaniyada ishlaydi. So‘ng «Tinchlik» korpusi»ga ishga o‘tadi va Kolumbiyaga ketadi. Bu korpusda ishlaydiganlar asosan xorijiy mamlakatlarda ingliz tili va boshqa fanlardan dars berishardi.
Hovard bo‘lajak xotinini Kolumbiyada uchratadi va unga uylanadi. Ayol ham «Tinchlik korpusi» dasturi bo‘yicha ishlardi. Ko‘p o‘tmay u Peruda biznes boshqaruvi bo‘yicha dars bera boshlaydi.
1979 yilda Hovard Markaziy razvedka boshqarmasiga ishga kirish uchun hujjatlarini topshiradi. Oradan bir yil o‘tgach, 1980 yilda tashkilotdan aloqaga chiqishadi va uni ishga taklif etishadi. Hovard 18 oy davomida MRBning Kemp-Piridagi o‘quv markazida tayyorgarlikdan o‘tadi.
1981 yilda Hovard MRBga rasman ishga olinadi. U tashkilotning SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘yicha bo‘limida ishlay boshlaydi. Ko‘p o‘tmay maxsus tayyorgarlikdan muvaffaqiyatli o‘tgan xotini Meri ham MRBda ish boshlaydi.
Ko‘p o‘tmay Hovard va uning xotinini SSSRga AQShning Moskvadagi elchixonasi xodimi niqobi ostida ishga yuborishga tayyorlay boshlashadi. Biroq so‘nggi sinovlar o‘tkazilayotganda MRBdagilar Hovardning giyohvand moddalarga ruju qo‘yganini sezib qolishadi.
Oradan biroz o‘tib parvozlardan birida u yonida o‘tirib ketayotgan ayolning hamyonini o‘g‘irlashga uringani ham aniqlanadi. Shundan so‘ng, 1983 yilda Hovard va uning xotinini ishdan bo‘shatishadi. Hovard va uning xotini MRBda ikki yildan sal ko‘proq muddat ishlashadi xolos.
MRBdagilar sobiq xodimni tashlab qo‘yishmaydi. Uni Nyu-Meksiko shtatidagi Santa-Fe shahri qonunchilik palatasiga iqtisodiy tahlilchi vazifasiga joylab qo‘yishadi.
Biroq Hovard o‘zini MRBdan nohaq bo‘shatishgan deb hisoblardi. Shu sababli u spirtli ichimliklarga ruju qo‘yadi. 1984 yil fevralda u mast bo‘lib janjal keltirib chiqaradi va o‘qotar quroldan o‘q uzadi. Tasodif tufayli hech kim jabrlanmaydi. Hovard darhol hibsga olinadi.
MRB yana sobiq xodimiga yordamga keladi va tashkilotning aralashuvi bilan Hovardni qo‘yib yuborishadi. Sudda unga besh yillik shartli jazo berishadi va ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburan davolanishni belgilashadi. Biroq u shunda ham aqlini yig‘ib olmaydi va MRBdagilardan alamzada bo‘lib qolaveradi.
1984 yilda Hovard «dam olib, chalg‘ib kelish» bahonasida Yevropaga otlanadi. U bir nechta davlatlarda bo‘lib, AQShga qaytadi. Shu orada Hovard KGBning AQShdagi josuslari bilan aloqa bog‘laydi va ularga o‘zi bilgan maxfiy ma’lumotlarni yetkaza boshlaydi.
Uning KGB josuslari bilan qanday aloqa o‘rnatgani haqida turli taxminlar bor. Ulardan biriga ko‘ra, Hovard KGB josuslari bilan aloqani 1984 yilda Avstriya poytaxti Vena shahriga kelganda o‘rnatgan.
Hovard KGB bilan hamkorlik qila boshlagach eng avval MRB bilan hamkorlik qilayotgan sovet josuslarini sotadi. Biroq unda aniq ism-shariflar yo‘q edi.
Shunday bo‘lsa ham KGB Hovardning ma’lumotlari tufayli MRB bilan hamkorlik qilayotgan bir qancha sovet josuslarini fosh etishga muvaffaq bo‘ladi. MRBga maxfiy ma’lumotlarni yetkazib kelgan taniqli muhandis Adolf Tolkachyov Hovard tufayli fosh bo‘ladi.
Hovard sovetlar bilan hamkorlik qilar ekan, KGB generali Oleg Kalugin bilan uchrashadi (Ko‘p o‘tmay bu odam AQShga qochib ketadi). Uning faoliyatini keyinchalik KGB rahbari bo‘lgan (1988 yilda) Vladimir Kryuchkov muvofiqlashtirib turadi.
1985 yilda KGB xodimi Vitaliy Yurchenko Rim shahridagi AQSh elchixonasi orqali okean ortiga qochib ketadi. U AQShga yetib borgach ikki nafar MRB zobiti KGB bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qiladi. Zobitlarning ism-sharifini Yurchenko bilmasdi.
Shundan so‘ng MRBdagilar Hovard va Ronalde Peltone ism-sharifli xodimdan shubhalana boshlashadi. Ko‘p o‘tmay ularning ikkalasini so‘roqqa chaqirishadi.
So‘roq davomida Peltone aybini tan oladi, Hovard esa tan olmaydi. Yetarli dalillar bo‘lmagani uchun uni qo‘yib yuborishadi. Biroq MRB xodimlari Hovardni doimiy kuzatuv ostiga olishadi.
SSSRga qochish
Hovard AQShda kuzatuv ostida yashar ekan, KGB bilan hamkorligi bir kun kelib fosh bo‘lishini bilardi. Shu sababli u SSSRga qochib ketishga qaror qiladi. Biroq MRB xodimlarining doimiy kuzatuvi tufayli bu oson emasdi.
Ana shunday paytda Hovardga xotini yordam beradi. Ayol maneken sotib olib, uni Hovard bilan bir xil tarzda kiyintiradi va mashinasiga joylab qo‘yadi.
Bir kun kechki payt er-xotin uyga qaytishayotganda qorong‘i joyda Hovard mashinadan sakrab tushib qoladi. Ayol esa manekenni uning o‘rniga o‘tqazib qo‘yadi va shu tariqa o‘zlarini kuzatib kelayotgan MRB xodimlarini chalg‘itadi.
Hovard Nyu-York – Xelsinki qatnovi bo‘yicha uchadigan samolyotga bilet oladi va Finlandiyaga uchadi. Xelsinkiga yetib kelgach u sovet elchixonasiga boradi va siyosiy boshpana so‘raydi. Bu paytda esa unga AQShda qidiruv e’lon qilingandi.
Hovard bir necha oy elchixonada yashagach elchixonadagilar uni sovet-fin chegarasidan o‘tkazib yuborishadi va shu tariqa Hovard Moskvaga yetib oladi. O‘sha paytda u bor-yo‘g‘i 33 yoshda bo‘lgan.
Hovardning SSSRga qochib ketishi MRB uchun biroz muammolarni keltirib chiqaradi. Tashkilot SSSRdan o‘zining to‘rt nafar xodimini chaqirib olishga majbur bo‘ladi.
Jumladan, elchining «kotibi» Adolf Tolkachyovdan ma’lumot olib turgan Pol M. Strombaux, elchining yana bir kotibi Maykl Sellers, harbiy attashe Erik Sayts va yana bir xodim SSSRdan chiqib ketishga majbur bo‘lishadi.
Hovard Moskvada yashar ekan, u KGBga ortiq kerak emasdi. Shu sababli sobiq MRB xodimi SSSRda erkin yuradi (KGB kuzatuvi ostida), sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlarga boradi. Jumladan, 1987 yilda Hovard Vengriyaga borganda hatto amerikalik jurnalistga intervyu beradi.
1991 yilda SSSR parchalanib ketgach Rossiya og‘ir iqtisodiy inqiroz yoqasida qoladi. Shunda amerikaliklar Rossiyaga iqtisodiy yordam evaziga Hovardni so‘rashadi. Biroq rad javobini olishadi. Chunki Hovard Vengriyaga qochib ketgandi.
Hodisa aslida bunday bo‘lgandi. 1991 yil avgustda SSSR parchalanib ketadi. O‘sha yili noyabrda kutilmaganda «Vashington Post» muxbiri Hovardning kvartirasini topib keladi.
Muxbir Hovarddan intervyu berishini so‘raydi, u rad etadi. Shunda muxbir Hovardga ehtiyot bo‘lishini, AQShdagilar iqtisodiy yordam evaziga Rossiyadan uni so‘rashayotganini aytadi. Shundan so‘ng Hovard Moskvadan Budapeshtga qochib ketadi. Biroq ko‘p o‘tmay AQShning bosimi bilan uni Vengriyadan chiqarib yuborishadi.
Shunda Hovard Rossiyaga emas, Shvetsiyaga boradi. Ikki yil bu yerda yashagach uni josuslikda gumon qilib Shvetsiyadan ham chiqarib yuborishadi. Boshqa Rossiyaga qaytarib yuborishmaydi.
Hovard boshqa davlatlarga bora olmasdi, AQShga topshirib yuborishlari mumkin edi. Shu sababli majbur bo‘lib yana Moskvaga qaytib keladi.
Iqror va o‘lim
1995 yilda Hovardning «Xavfsiz uy» («Safe House») deb nomlangan esdaliklari chop etiladi.
U asarida haqiqatan AQShga xiyonat qilganini va aybini tan olishini yozadi. Bundan tashqari, Moskvaga ko‘chib kelganidan so‘ng KGBga, SSSR parchalanib ketgach FSBga ishlamagani, 1989-90 yillarda sovet ittifoqida o‘zgarishlar bo‘lgach turli firma va kompaniyalarda muvaffaqiyatli ishlagani haqida hikoya qilib beradi.
Hovardning asarini o‘qiganlar unda aytarli yangi gap yo‘qligini, muallif omma allaqachon bilib bo‘lgan hodisalarni yozganini aytishgan.
Hovard Moskvada hashamatli kvartirada yashaydi. Shuningdek, tez-tez Jukovkadagi dalahovliga chiqib turadi. Kvartira va dalahovli u SSSRga qochib kelgan paytda berilgandi.
2002 yilda Rossiya OAVlarida Hovardning vafot etgani haqida xabarlar tarqaladi. Ularda sobiq MRB xodimi o‘ziga tegishli bo‘lgan dalahovlida yiqilib bo‘ynini sindirgani va og‘ir jarohat olib vafot etgani yozilgandi.
Ko‘p o‘tmay uning o‘limi tafsilotlari e’lon qilinadi. Unga ko‘ra, Hovard o‘sha kuni dalahovlisida juda qattiq mast holda bo‘lgan va yiqilgan. Oqibatda og‘ir jarohat olib, vafot etgan. Uning jasadini o‘lgandan bir sutka o‘tib topishgan.
Keyinchalik Hovardning o‘limi haqida turli gap-so‘zlar tarqaladi. Ulardan birida Hovardni FSB xodimlari o‘ldirgani va «dalahovlida yiqilib jarohat olishi» o‘ylab topilgani haqida aytiladi.
Boshqasida esa Hovardni MRB xodimlari bir paytlar qilgan sotqinligi uchun o‘ldirgani va shu tariqa undan o‘ch olgani haqida gap-so‘zlar tarqaydi.
Shu tariqa sobiq MRB xodimi 51 yoshida shubhali tarzda vafot etadi. Biroq na FSB, na MRB Hovardning o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
11:30
Qo‘rqmas jangchi – Saddam Husaynning nabirasi amerikalik askarlarga qarshi qanday jang qilgandi?
19:29 / 20.12.2024
Reuters: Bayden administratsiyasi Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda
13:43 / 20.12.2024
O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralari rasman yakunlandi
22:32 / 18.12.2024