Yakunlanayotgan haftada prezident tadbirkorlar bilan uchrashdi: soliqchilar keskin tanqid qilindi, soliq ma’murchiligi isloh qilinadigan bo‘ldi. Davlat tashqi qarziga oid ma’lumotlar ochiqlandi. Yangi import avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar sotishiga oid talab bekor bo‘ldi. Hafta iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

Prezident tadbirkorlar bilan uchrashdi

18 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

“Soliqchilar tadbirkorlarni ko‘p qiynayapti” – dedi davlat rahbari biznes vakillari bilan uchrashuvda.

Prezident soliq organlarini jiddiy tanqid qildi. Xususan, soliq uzilish koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti bekor qilinishini eshitgan tadbirkorlar bu yangilikni qarsaklar bilan qarshi olishdi.

Ularning bu xursandchiligini prezident mana bunday izohladi: 

“Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Sening tizimingga baho bu. Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar, xalqqa, tadbirkorga yordam bermayapsizlar, to‘siq bo‘lyapsizlar. Mana, tax gap degan balo bularni qanday qiynayapti, katta korrupsiyaga sabab bo‘layotgani uchun tikka turib qarsak chalyapti”.

Shunday qilib 1 oktyabrdan “Tax Gap” tizimi bekor qilinadigan bo‘ldi.

Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.

Bunda, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

·        barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;

·        ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;

·        qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

“Tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi. Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi”, – dedi prezident.