Qozog‘iston Rossiyadan O‘zbekistonga 1,5 mlrd kubdan 10 mlrd kub metrgacha tabiiy gaz yetkazib berishni muhokama qilyapti. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev so‘zlariga tayanib “TASS” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Qozog‘iston rasmiysi hajm yanada oshirilishi mumkinligini aytgan.
“Hozir biz 1,5 dan 10 mlrd kub metrgacha tranzit hajmni muhokama qilyapmiz. O‘zbekiston energetika tizimi va Rossiyaning gazni kerakli hajmda eksport qilish uchun tayyorligiga qarab [ta’minot hajmini] yanada oshirish mumkin bo‘ladi”, degan Satkaliyev.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladi.
“Qozog‘iston bu tranzitdan qo‘shimcha daromad oladi. Biz gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ichki bozorga gaz yetkazib berish “Qozoqgaz” uchun foydasiz, shuning uchun bundan qo‘shimcha daromad bo‘lib, tranzit “Qozoqgaz”ga bosimni kamaytiradi va ta’mirlash, investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun nisbatan barqaror daromad manbayi bo‘ladi”, - deydi u.
Rossiya bilan gaz bo‘yicha yo‘l xaritasi
2022 yilning oxirida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida o‘ziga xos uch tomonlama ittifoqini tashkil etish, shu jumladan, gaz sohasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi kun tartibiga chiqdi. Bu boradagi taklifni RF prezidentni Vladimir Putin ilgari surgan.
Lekin O‘zbekiston, Rossiyadan gaz xarid qilinadigan bo‘lsa, bu ittifoq tarzidagi kelishuv asosida emas, oldi-sotdi shartnomasi shaklida bo‘lishini bildirgan.
2023 yil yanvar oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Kelishuvda joriy yil mart oyidan boshlab “O‘rta Osiyo – Markaz” quvuri orqali reversiv tartibda Rossiyadan O‘zbekistonga bozor narxida gaz yetkazib berishni boshlash uchun zarur texnik choralar ko‘zda tutilgan edi. Rossiya kompaniyasi shunga o‘xshash shartnomani deyarli bir vaqtda Qozog‘iston bilan ham imzolagan.









