Yakunlanayotgan haftada “Tashabbusli budjet”ga ovoz berish boshlandi. “O‘zbekneftgaz” raisi gaz qazib chiqarish pasayib borayotgani va zaxiralar qisqarganiga oid "gap-so‘zlar"ni inkor etdi. Milliarder Alisher Usmonov uni “Putinning sevimli oligarxi” deb atagan gazeta ustidan sudda yutib chiqdi. Oson to‘lov tizimi jarimaga tortildi. Haftaning iqtisodiy dayjesti “Iqtisodiy taymlayn”da.

“Tashabbusli budjet”ga ovoz berish boshlandi: majburiy ovoz to‘plaganlarga chora ko‘riladi

27 avgustdan “Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumiga ovoz berish boshlandi. Loyihalar uchun 1,02 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bu mavsumda respublika bo‘ylab 9426 ta mahalladagi infratuzilma yaxshilanishi uchun jami 49 464 ta taklif kelib tushgan, ulardan 33 631 tasi ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish jarayoni 16 sentabrga qadar davom etadi. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida majburiy ovoz berish holatlariga duch kelgan fuqarolarni bu haqda xabar berishga chaqirdi.

Ayrim hududlarda budjet tashkilotlari xodimlarini majburiy tarzda ovoz berishga jalb etish holatlari kuzatilayotgani yuzasidan e’tirozlar kelib tushyapti. Shu sababli vazirlik 2023 yil 10 apreldagi prezident qaroriga ko‘ra, ovoz yig‘ishga majburlash majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanishini eslatib o‘tdi. 

“Bunday holatga duch kelsangiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligining ishonch raqamlariga yoki “Ochiq budjet” axborot portalining onlayn murojaat bo‘limiga xabar berishingizni so‘raymiz”, — deyiladi rasmiy xabarda.

“O‘zbekneftgaz” raisi gaz qazib chiqarish pasayib borayotganini rad etdi.