“30 foiz suv, 40 foiz urug‘ tejaladi”. Mutaxassis sholining yangi navi afzalliklari haqida gapirib berdi
Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan konferensiya doirasida oziq-ovqat xavfsizligiga yangicha yondashuvlar mavzusida ko‘rgazma ham tashkil qilindi. Unda ilmiy-tadqiqot institutlari ham o‘z izlanishlari bilan ishtirok etmoqda.

Baxtiyor Qodirov
Xususan, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxtiyor Qodirovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, sholining yangi navi yaratilgan bo‘lib, ushbu suv tejamkorligi, ayniqsa, juda qisqa vaqtda pishib yetilishi bilan bizning iqlimimizga juda mos keladi.
“Sholi dunyo bo‘yicha eng muhim don ekinlaridan biri bo‘lib, jahon dehqonchiligida ekiladigan maydoni jihatidan ikkinchi o‘rinni, hosildorligi bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallaydi.
2021 yil 2 fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning Xorazm filialiga viloyatning tuproq-iqlim sharoitlarida sholining yuqori hosilli xorijiy navlarini sinash va mahalliy sharoitda urug‘larini ko‘paytirish vazifalarini bajarish maqsadida Xitoydan 27 ta nav va nav-namunalari keltirildi. Ochig‘ini aytish kerak, muqaddam mazkur yo‘nalish va bunday keng qamrovli miqyosda xorijiy sholi navlarini o‘rganish bo‘yicha mamlakatimizda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmagandi.
Natijada biz hozir 85 kunda pishib yetiladigan sho‘rga, yuqori haroratga chidamli, qolaversa, hosildorligi odatdagidan ikki barobar yuqori bo‘lgan navlarni yaratdik. Bugungi kunda bizdagi odatdagi sholi navlari 125-140 kunda pishsa, yangi navimiz uch oyga ham yetmasdan pishib yetiladi. Mana shu holatning o‘ziyoq 25-30 foizgacha suvni tejaydi. Bu degani bir yilning o‘zida ikki marta sholidan hosil olish imkoniyatini ham beradi. Aynan ikki marta hosil olish borasida Izboskan tumanida ilmiy izlanishlarimiz davom etmoqda.
Biz yana bir holatga e’tibor qaratdik, sholini ko‘chatlab ekish orqali juda katta samaradorlikka erishish mumkin. Ko‘chatni ham qo‘l kuchi bilan emas, mexanizatsiyalar yordamida amalga oshiryapmiz. Ko‘chat qilib ekilganda urug‘lar 30-40 foizgacha, suv esa 30 foizgacha, mineral o‘g‘itlar 20-25 foizgacha tejalib boradi. Sho‘rlangan yerlar yuviladi, yerning meliorativ holati yaxshilanib, o‘sha hududda bir-ikki yil davomida sho‘rga chidamsiz ekinlar ekish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, har qanday daryo qoldiqlari, botqoqliklar, umuman, shu paytgacha ekin ekib bo‘lmaydigan yerlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Ushbu navlarni joriy yilning o‘zida davlat reyestriga topshiramiz. Dehqon-fermer xo‘jaliklarimizga eng yuqori avlodli elita urug‘liklarini yetishtirib beramiz. Ushbu navlarning iqtisodiy samaradorligi ikki barobarga yuqori bo‘lishi kutilmoqda”, – dedi Baxtiyor Qodirov.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ushbu yangi sholi navlari odatdagi mahalliy navlarga qaraganda bir-bir yarim oy avval pishib yetilsa-da, uning inson organizmi uchun foydaliligi, tarkibi bir xil hisoblanadi. Yaqin ikki-uch yil ichida ushbu navlarni respublika bo‘yicha ommaviy ekish imkoniyati yaratiladi.
Tavsiya etamiz
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Jamiyat | 19:22 / 04.04.2025
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Jahon | 15:18 / 04.04.2025
Minbardagi 25 soat: senator Buker nega bunday qildi?
Jahon | 22:47 / 03.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:24 / 03.04.2025
So‘nggi yangiliklar
Mavzuga oid

12:24
Go‘sht narxi oshishi: bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

15:49 / 01.04.2025
Bekobodlik fermerlar “yorildi”

14:53 / 31.03.2025
Misr O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytiradi

05:00 / 11.03.2025