Ijtimoiy tarmoqlarda Ozarboyjon harbiy kolonnasi Armaniston bilan chegaraga, Zangezur koridori tomon ketayotgani aytilgan video tarqaldi.

Armaniston hukumatining 7 avgust, payshanba kungi yig‘ilishida bosh vazir Nikol Pashinyan mintaqadagi “harbiy-siyosiy vaziyat keskin yomonlashgani”ni aytdi.

“Buning sababi, oxirgi kunlarda Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ va Armaniston chegarasiga tutashuv chiziqlarida qo‘shin to‘plamoqda. Aksilarman ritorikasi kuchaydi. Armanistonning suveren hududlariga da’vo qiluvchi siyosat davom etyapti”, – dedi Pashinyan. U xalqaro hamjamiyat va BMT Xavfsizlik kengashini mintaqada “yangi portlash” bo‘lishining oldini olish uchun jiddiy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Bunga javoban Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Pashinyanning so‘zlarini “siyosiy manipulyatsiya” deb atadi.

“Ozarboyjon mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirayotgani va hududda kuchlarni to‘playotgani haqidagi ayblov Armaniston tomonining navbatdagi soxta siyosiy manipulyatsiyasidir”, – deyiladi rasmiy Bokuning munosabatida. Ozarboyjon tomoni Qorabog‘ yaqiniga harbiy qismlar ko‘chirilayotganini rad etmayapti, biroq buni o‘quv-mashg‘ulotlari bilan izohlamoqda.

Avgust oyi oxiridan buyon har ikki tomon bir-birini o‘t ochishda ayblab kelayotgan edi. Xususan, Armaniston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 1 sentabr kuni Armanistonning Sotk qishlog‘ida ro‘y bergan to‘qnashuvda 4 nafar arman harbiysi halok bo‘lgan. Bugun, 8 sentabr kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi arman harbiylari ozarlarning Naxchivandagi pozitsiyasini o‘qotar qurol bilan o‘qqa tutgani va bunga javob choralari ko‘rilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, vazirlik Armaniston harbiylari tomonidan Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan hududda Ozarboyjonning Agdam viloyatidagi ozar pozitsiyalariga yaqinlashish maqsadida yangi xandaqlar qazishga urinish bo‘lganini qayd etgan.

Ayni paytda, xalqaro nashrlarda Bokudan Isroilning Ovda aerodromiga parvozlar faollashgani, 15 avgustdan 5 sentabrgacha Ozarboyjonning Silk Way aviakompaniyasi Ovda aviabazasiga 5 ta reysni amalga oshirgani xabar qilinmoqda. Avvalroq Isroilning Haaretz nashri o‘z surishtiruviga asoslanib Ovda portlashdan xavfli yuklarni tashishga ruxsat berilgan Isroildagi yagona aerodrom ekani, harbiy maqsadlardagi tovarlar eksporti aynan shu yerdan amalga oshirilishini xabar qilgan. Boshqa nashrlar 2016 yildan buyon Silk Way aviakompaniyasining yuk samolyotlari Ovda aeroportiga qariyb 100 marta qo‘nganini aniqlagan. Stokholm tinchlik tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-2020 yillarda Ozarboyjon xorijdan sotib olgan qurol-yarog‘larning 69 foizini Isroil yetkazib bergan.

Mavjud keskinlik fonida, 6 sentabrda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqot qildi. Shu kuni Aliyevning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Hikmat Hojiyev Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu qabulida bo‘ldi.