19:08 / 09.09.2023
13734

Oshirilmagan kontraktlar, fintexga cheklov, biznesga yangiliklar - “Iqtisodiy taymlayn”

Yakunlanayotgan haftada oliy ta’lim muassasalarida to‘lov kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz qoldirildi. To‘lov tashkilotlariga transchegaraviy tranzaksiyalarni amalga oshirish taqiqlandi. O‘zbekiston ochlikdan eng yaxshi himoyalangan davlatlar ro‘yxatiga kirdi. Naqd valutani bojxonadan deklaratsiyasiz olib o‘tish miqdori oshirildi. Hafta iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da

To‘lov tashkilotlariga transchegaraviy pul o‘tkazmalari va xalqaro to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish taqiqlandi

O‘zbekistondagi bir nechta to‘lov tizimlari 5 sentabrdan boshlab xalqaro to‘lovlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha amaliyotlarni to‘xtatdi.

Bu – Markaziy bank tomonidan to‘lov tashkilotlariga transchegaraviy xalqaro tranzit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlangani bilan bog‘liq. Natijada to‘lov tashkilotlari, xususan Oson va PayWay 5 sentabrdan boshlab xalqaro pul jo‘natmalari, xorijiy kompaniyalarning xizmatlari va onlayn o‘yinlar uchun to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. O‘zbekistonda bu xizmatlarni endi faqat tijorat banklari ko‘rsatadi.

Markaziy bank “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asoslanib, transchegaraviy pul o‘tkazmalarini tashqi savdo operatsiyasi deb baholagan. Shu sababli to‘lov tashkilotlarining davlatlararo operatsiyalarda ishtirok etishi qonunchilikka zid deb topilgan. Bir qator tijorat banklari o‘z saytlarida bir xil bayonotni e’lon qilish bilan bu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Bayonotda aytilishicha, regulyatorning qarori jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgani. Shuningdek, bu taqiq mahalliy fintex bozorini tashqi risklardan, xususan sanksiyalardan himoya qilishi aytilyapti.

Avgust oyida, Rossiyadagi ko‘plab vatandoshlar O‘zbekistonga pul yuborishda foydalanadigan Oson servisi regulyator tomonidan jarimaga tortilgan edi. Markaziy bank 5 sentabr kungi bayonotida bunga izoh berib, to‘lov tashkilotini oluvchisi va (yoki) jo‘natuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmasdan, xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda asosli va imkoni mavjud bo‘lgan zaruriy choralarni ko‘rmaganlikda aybladi.

O‘zbekiston ochlikdan eng yaxshi himoyalangan davlatlar ro‘yxatiga kirdi

2022 yil uchun Global ochlik reytingi e’lon qilindi. 121 davlat ishtirok etgan reytingda O‘zbekiston eng yaxshi deb topilgan mamlakatlar qatoriga kirdi va 5,6 ball bilan 21-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich mamlakat oziq-ovqat yetishmovchiligiga duchor bo‘lmasligini anglatadi.

O‘zbekistonning bu indeksdagi ko‘rsatkichi yildan yilga yaxshilanib borgan. Mamlakatning 2000 yildagi balli 24,2 bo‘lib, o‘sha yili ochlik xavfi hozirgidan 4 barobar yuqori bo‘lgan. 2007 yilga kelib risk darajasi 15,4 ballga, 2014 yilda 8,3 ga, 2022 yilda 5,6 ga tushgan.

Global ochlik indeksining yetakchi pog‘onalarida Belarus, Bosniya va Hersegovina, Chili davlatlari joylashgan. Eng salbiy ko‘rsatkichlar Madagaskar, Markaziy Afrika Respublikasi va Yaman mamlakatlarida kuzatilmoqda.

O‘zbekiston 21-o‘rinni egallagan reytingda Qozog‘iston — 24; Rossiya — 28; Armaniston — 32; Ozarboyjon — 36; Ukraina — 36; Qirg‘iziston — 40; Tojikiston — 67-o‘rinda qayd etilgan.

Bu indeks har bir mamlakat uchun to‘rtta ko‘rsatkichni jamlash orqali aniqlanadi: to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi; 5 yoshgacha bo‘lgan vazni me’yordan past bolalar ulushi; 5 yoshgacha bo‘lgan bo‘yi me’yordan past bolalar ulushi; 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘lim darajasi.

Aytish o‘tish kerakki, reytingga ba’zi bir yuqori daromadli mamlakatlar, aholisi kam mamlakatlar va mustaqil bo‘lmagan hududlar kiritilmagan.

Sanoat korxonalarini ogohlantirmasdan elektr ta’minotidan uzishga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoatni rivojlantirish bo‘yicha selektor o‘tkazdi. Unda eng muhim topshiriqlaridan biri Energetika vazirligiga berildi. Davlat rahbari vazirlikka joylarda sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan elektr ta’minotidan uzish amaliyotiga qat’iy chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu munosabat bilan bosh vazir rahbarligidagi komissiyaga bir oy davomida barcha hududlarga borib, qo‘shimcha ishlab chiqarishni hisobga olgan holda, hududlarning energiya balansini oyma-oy ishlab chiqish, joriy yilda ishga tushadigan loyihalarni birma-bir xatlovdan o‘tkazib, ularga zarur energiya resurslari ajratishni nazarda tutish topshirildi.

Shu bilan birga, sanoat tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash uchun bosh vazir boshchiligida respublika shtabi, joylarda esa viloyatlar hokimlari rahbarligida hududiy shtablar tashkil etiladigan bo‘ldi. Shtabda iqtisodiyot, investitsiya, soliq, bojxona, bank, energetika, standart, kadastr organlari vakillari korxonalardan 24 soat davomida murojaatlarni qabul qilib, ularning muammolarini tezkor hal qiladigan tizim bo‘lishi aytildi.

Naqd valutani bojxonadan deklaratsiyasiz olib o‘tish miqdori oshirildi

Endilikda 100 mln so‘mgacha O‘zbekiston naqd valutasi va (yoki) shu ekvivalentdagi naqd chet el valutasini bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib kirish yoki olib chiqish mumkin. Avval bu miqdor 70 mln so‘m edi.

Bundan tashqari, endi jismoniy shaxslar deklaratsiya to‘ldirish talab etiladigan belgilangan ekvivalentdan ortiq miqdordagi naqd valuta mablag‘larini bojxona nazorati shakllarini qo‘llamasdan turib bojxonachilarga maslahat olish maqsadida taqdim etsa, bojxona organlari xodimlari ularga deklaratsiya to‘ldirish qoidalari bilan bog‘liq umumiy tushuntirishlar beradi. Ilgari bunday qoida yo‘q edi.

Islom moliyasi, tadbirkorlarning ishonch reytingi va xalqaro brendlar. Prezident qaroridagi yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qaror imzoladi. Muloqotda aytilganidek, QQSni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash va QQS to‘lovchisi guvohnomasini to‘xtatib qo‘yish amaliyotlari to‘xtatilmoqda. Hujjatda bu boradagi aniq sana keltirilmagan. Davlat rahbari avvalroq bu o‘zgarish 1 oktyabrdan kuchga kirishini aytgandi.

Qarorga asosan, O‘zbekistonda Islom moliyasini joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Tadbirkorlarning ishonchlilik reytingi joriy etilib, yuqori reytingdagilarga alohida imtiyozlar beriladi, xususan ishonchli deb topilgan kompaniyalar soliq tekshiruvlaridan to‘liq ozod etiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da quyidagilar ham nazarda tutilgan:

– kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish obektini ishga tushirib, investitsiya majburiyatlarini bajargan tadbirkorlik sub’yektlariga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi;

– tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga nufuzli xorijiy brendlarni jalb qilish bo‘yicha brend egalari bilan muzokaralar o‘tkaziladi;

– yillik eksport hajmi 500 ming dollardan oshgan qandolatchilik korxonalariga Eksportni rivojlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan aylanma mablag‘ ajratish tartibi joriy etiladi;

– ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yig‘im miqdori 5 barobar kamaytiriladi;

– ishlab chiqarilganiga 25 yildan oshmagan, ijara va lizing asosida vaqtincha olib kiriladigan samolyotlar davriy bojxona to‘lovidan ozod qilinadi;

– soliq organlarining mahalla darajasida ishlash tizimi joriy qilinadi va “Onlayn mahalla” platformasida tadbirkorlarga soliq organlari faoliyatini baholash imkoni beriladi;

– chetdan olib kelinadigan tabiiy olmos, zumrad, sapfir kabi qimmatbaho toshlar QQSdan ozod etiladi; qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga bojxona boji nol stavkada belgilanadi;

– yig‘iladigan tayyor konstruksiyalar yordamida oson barpo etiladigan modulli mehmonxonalar qurish va faoliyatini tashkil etish tartibi belgilanadi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan 2024 yilgi uchrashuvi Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tishi belgilandi.

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa iqtisodiy yangiliklarni qisqacha sanab o‘tamiz:

·       2023/2024 o‘quv yili davlat oliygohlarida kontrakt va super-kontrakt miqdorlari o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoldi. Qayd etish lozim, kontrakt miqdori 3 yildan buyon oshirilmay kelmoqda. Ayrim faollar bu oliy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytyapti;

·       Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilib, undagi davlat aksiyalari Markaziy bankka o‘tkaziladi. Shuningdek, valuta birjasi ta’sischiligida Milliy kliring markazi tashkil etilmoqda;

·       Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta va kapital bozorlari regulyatoriga aylandi. Bu ikki sohani hozirgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tartibga solib kelayotgandi. Eslatib o‘tamiz, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptoaktivlar sohasida davlat nazoratini amalga oshiradi;

·       Mehmonxonalarga yulduz toifasini berish bo‘yicha yangi davlat standarti qabul qilindi. 2023 yil 1 oktyabrgacha xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda kamida 50 ta mehmonxonaga “to‘rt yulduz” va 200 tasiga “uch yulduz” olib berish choralarini ko‘rish vazifasi belgilandi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov.
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid
Top