Liviyada dahshatli toshqin. Qurbonlar soni 3 mingdan oshdi
Liviyada sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 mingdan oshdi. Bu haqda mamlakat hukumati vakillari xabar qilgan. Sharqiy Liviya administratsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bu raqamlarni tasdiqladi.
Qizil Xoj va Qizil Yarim Oy xalqaro tashkiloti bedarak yo‘qolganlar soni 10 mingdan oshganini taxmin qilmoqda. Qidiruv-qutqaruv operatsiyalari vaqtida qurbonlar soni yanada oshishi mumkin. Derna shahrining o‘zida 700 ta jasad shaxsi aniqlanmay qabristonlar oldida terib qo‘yilgani aytilmoqda. Reuters bilan telefonda suhbatlashgan amaldorlardan biri Dernaning 25 foiz qismi yo‘q bo‘lib ketganini aytgan. «Qurbonlar soni juda ko‘p bo‘ladi, juda-juda ko‘p. O‘liklar har yerda yotibdi, dengizda, vodiylarda, binolar ostida», degan u.
Mamlakatning toshqindan jabr ko‘rgan qismlarida shunchaki o‘lgan jasadlarni yig‘ib, ularning sonini aniqlash ham muammoga aylangan. Shuningdek, odamlar birinchi tibbiy yordam ololmayapti, jabrlanganlar kasalxonagacha yetib borishi ham qiyin. Uysiz qolganlar oziq-ovqat, birlamchi hayotiy zarur mahsulotlarga ehtiyoj sezmoqda.
Liviya shimoli-sharqida Daniyel to‘foni olib kelgan kuchli yomg‘irlar suv toshqinlarini keltirib chiqargan. Shaharlar va qishloqlar suv ostida qolgan. 100 mingdan ortiq odam yashovchi Derna shahri ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan hudud bo‘ldi. Shahardagi eskirgan himoya vositalari va ikki asosiy damba suv to‘lqinini qaytara olmagan. Derna daryosidagi ikki to‘g‘on buzilib, shaharni suv ostida qoldirgan. Shahardagi uchta ko‘prik butkul vayron bo‘lgan, kvartallar suv ostida qolgan. Derna odatda quruq daryo bo‘lib, faqat yog‘ingarchilik mavsumida to‘lib oqadi.
Shundog‘am siyosiy holat murakkab bo‘lgan Liviyada favqulodda holat e’lon qilingan. Mamlakat hukumati xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan. Suv ostida qolgan ba’zi shaharlar bilan umuman aloqa yo‘qolgan, shu bois qurbonlar soni yanada oshishi mumkin. Ofat zarar keltirgan hududlarda elektr energiyasi, internet aloqasi va har qanday kommunikatsiya vositalari o‘chgan.
Mamlakat armiyasi ofat oqibatlari bilan kurashishga kirishgan. Hozirgacha qutqaruv operatsiyalari vaqtida 7 nafar harbiy bedarak yo‘qolgani ma’lum. Mahalliy telekanallarda ham holat haqida armiya vakillari xabar bermoqda. Liviya sharqidagi Bengazi, Sus, Al Maj shaharlari ham jiddiy zarar ko‘rgan. Liviya sharqida komendantlik soati e’lon qilingan, maktab va do‘konlar yopib qo‘yilgan. Shuningdek, mamlakatdagi 4 ta yirik neft portlari ham vaqtincha yopilgan.
Avvaliga qurbonlar soni 150 nafar ekani aytildi. Bu xabar e’lon qilingach Liviya sharqiy qismi bosh vaziri Usama Hamad mahalliy telekanal efiriga chiqib qurbonlar soni 2 mingdan oshgani, yana minglab odamlar bedarak yo‘qolganini aytdi.
Liviya g‘arbidagi Misrat shahri ham toshqindan zarar ko‘rgan. Ofat kuzatilgan sharqiy Liviya markaziy boshqaruv administratsiyasi Bengazida joylashgan hukumat boshqaradi. Xalqaro tan olingan va boshqaruvi poytaxt Tripolida bo‘lgan hukumat ham toshqin oqibatlarini bartaraf etishda qatnashmoqda.
Qizil Hoch jamiyatining Liviyadagi vakili Tamer Ramadanning aytishicha, ofat ko‘lami mahalliy hukumat udda qila olmaydigan darajada katta. Shu sabab xalqaro yordam juda zarur.
Ma’lum bo‘lishicha, mutaxassislar vayron bo‘lgan ikki to‘g‘on xavfsiz emasligi haqida avval ham ogohlantirgan. Ofat vaqtida esa dernaliklar dambalar yorilganidan bexabar qolgan. Dernalik Xuzayfa al Xasadining «Al Xurra» telekanalida aytishicha, ofat bu qadar katta zarar yetkazganiga sabablardan biri hududning relefi bo‘lgan. «Suv to‘planadigan ba’zi vodiylar 400 metr pastlikda, shu sabab suv atom bombasi kabi yopirilib ko‘priklar, uylarni vayron qildi. Ob-havo sharoiti o‘rganilmagan, to‘fon yo‘liga tushib qolishi mumkin bo‘lgan oilalar evakuatsiya qilinmagan», deydi u.
Liviya 2011 yil Muammar Qazzofiy o‘ldirilganidan keyin ikkita o‘zaro dushmanlik kayfiyatidagi hukumatlar tomonidan bo‘lib olingan. Har ikki hukumat ofat sabab mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilgan.
O‘tgan haftada xuddi shu to‘fon Gretsiya, Turkiya va Bolgariya qirg‘oqlariga ham yopirilgan, oqibatda o‘nlab odamlar halok bo‘lgandi. Iqlimshunoslar bunday toshqinlar, Yevropa janubida kuzatilgan rekord darajadagi issiq va yong‘inlarga iqlim o‘zgarishining jiddiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.
Tavsiya etamiz
Boylar davrasi: dunyo milliarderlari Tramp inauguratsiyasida yig‘ildi
Jahon | 22:19 / 21.01.2025
Qo‘li kesilgan 2 oylik chaqaloq: uning yaqinlari shifokorlardan norozi
Jamiyat | 14:20 / 21.01.2025
100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?
Iqtisodiyot | 11:05 / 21.01.2025
APLdagi ilk o‘zbek. Husanovning transferi haqida asosiy gaplar
Sport | 09:16 / 21.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
BMT bosh kotibi 2025 yildagi asosiy tahdidlarni sanadi
Jahon | 21:11 / 22.01.2025
-
G‘arbiy sohildagi qotilliklar, Isroil harbiylari iste’fosi va NATOdan madad kutayotgan Zelenskiy - kun dayjesti
Jahon | 12:28
-
Toshkentda kuchli dorilar savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh fosh etildi
Jamiyat | 12:20
-
O‘zbekiston hukumati a’zolari Donald Trampning inauguratsiyasini AQSh elchixonasida kuzatdi
O‘zbekiston | 12:04
Mavzuga oid
20:51 / 06.01.2025
Parijda sobiq prezident Sarkozi Qazzofiy fondidan 50 mln yevro olgani bo‘yicha sud eshituvi boshlandi
12:33 / 06.11.2024
BMT: Yil boshidan beri Liviyada minalar portlashi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi
09:51 / 06.11.2024
Ispaniyadagi suv toshqini: 89 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanyapti
10:10 / 02.11.2024