O‘zbekiston | 08:13 / 25.08.2023
4082
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq madaniy meros obekti davlat muhofazasiga olingan

158 ta madaniy meros obektida ilmiy texnik tadqiqotlar o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun budjetdan 150 milliard so‘m ajratilgan.

Foto: Kun.uz

Madaniy meros agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 8209 ta moddiy madaniy meros obekti davlat muhofazasiga olingan.

Shundan 4748 tasi arxeologiya, 2252 tasi arxitektura obekti, 678 tasi monumental san’at asari, 532 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 189 ta obekt bepul foydalanish uchun berilgan.

Vazirlar Mahkamasi bayoni bilan 2023 yilda 158 ta madaniy meros obektida ilmiy texnik tadqiqotlar o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda asrashga doir ishlarni amalga oshirish belgilangan. Bu maqsad uchun budjet mablag‘lari hisobidan 150 milliard so‘m ajratilgan.

Joriy yilda 104 madaniy meros obektidan 59 tasining loyiha hujjati ishlab chiqilgan va ilmiy ekspert kengashiga kiritilgan. Shundan 47 obektning loyiha hujjati ma’qullangan. 27 obektning loyiha-smeta hujjati shaharsozlik ekspertizasi xulosasi olish uchun kiritilgan.

Ayni paytda ta’mirlash tiklash ishlarini amalga oshirish maqsadida 400 nafardan ortiq mahalliy usta-restavratorlar faoliyat yuritmoqda.

Eron va Turkiya davlatlaridan 40 nafarga yaqin restavratorlarni jalb etish va ular bilan tajriba almashish rejalashtirilgan.

2023 yilda davlat muzeylarini mukammal ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan 13 ta davlat muzeyida ta’mirlash ishlari boshlangan. Buning uchun budjetdan 8,85 milliard so‘m ajratilgan.

Mavzuga oid