Isroil va HAMAS urushi Yaqin Sharqni qanday o‘zgartirdi: beshta yangi reallik
HAMASning Isroilga 7 oktyabr kungi hujumidan so‘ng e’lon qilingan ko‘plab reportajlar, tahliliy maqolalar va sharhlar haqida tushunish kerak bo‘lgan eng muhim jihatlardan biri shundaki, ularning mualliflaridan hech biri sodir bo‘layotgan voqealar haqida to‘liq ma’lumot bermaydi. Gap faqat urush tumani ortidagi jang maydonida nimalar bo‘layotganini ko‘rish qiyinligida ham emas. Shunchaki isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi mojaroning yangi qiyofasi hali shakllanmadi.
BBC’ning xalqaro sharhlovchisi Jyeremi Bouen Isroilning HAMASga qarshi urushi Yaqin Sharqdagi vaziyatni qanday o‘zgartirganini ko‘rib chiqdi. Bu uning materialining tarjimasi, originalini ingliz tilida mazkur havola orqali o‘qish mumkin.
Voqealar hamon tez rivojlanmoqda. Urush hozirgi chegaralaridan tashqariga ham tarqalishidan real xavotirlar mavjud. Yaqin Sharqdagi yangi reallik yaqinlashmoqda, ammo uning aniq ko‘rinishi bu urush shu yil oxirigacha, ehtimol keyingi yil boshlarigacha qanday rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Quyida allaqachon ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan va hali ko‘pchilik bilmaydigan ayrim jihatlar sanab o‘tiladi. Bu ro‘yxat yakuniy emas. AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld 2003 yil Iroqqa bosqin vaqtida «noma’lum noma’lumlar» haqida gapirganida kimlardir kulgan edi. Ammo dunyoning bu qismida, xuddi boshqa barcha joylarda bo‘lgani kabi, noma’lumliklarning mavjudligi real — va ular paydo bo‘lganida juda ko‘p narsaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
1.
Mutlaqo ishonch bilan aytish mumkinki, Isroil aholisi armiyaning HAMAS va uning «kichik hamkori» — «Islom jihodi» guruhining kuchini sindirishga qaratilgan harbiy kampaniyasini qo‘llab-quvvatlaydi. HAMASning hujumi oqibatida Isroilda 1400 dan ortiq kishi o‘ldirilgani va 240 dan ortiq kishi garovga olingani (ular hamon G‘azoda ushlab turilibdi) ularni g‘azab otiga mindirgan.
Men Isroil armiyasining iste’fodagi generali Noam Tibon bilan gaplashdim. U rafiqasi bilan mashinada 7 oktyabr kuni hujumga uchragan, G‘azo sektori bilan chegaradosh Naxal-Oz kibutsiga borgani haqida aytib berdi. Uning vazifasi (qaysiki u uddalagan) o‘g‘li, kelini va ularning ikki qizchasini qutqarish bo‘lgan, ular HAMASning qurollangan a’zolari hududga kelishi bilan xavfsiz xonada yashiringan.
Tibon armiyada xizmat qilmayapti, ammo ushbu 62 yoshli erkak ajoyib jismoniy holatini saqlab qolgan. U halok bo‘lgan isroillik askarning avtomati va kaskasini olgan hamda o‘sha kuni tartibsizlik ichida yig‘ilgan harbiylar guruhini boshqarishiga to‘g‘ri kelgan. Ular kibuts hududini ozod etishgan hamda iste’fodagi generalning oila a’zolari hamda boshqa ko‘plab kishilarning hayotini saqlab qolishgan.
General hozirda bo‘layotgan voqealar haqida ochiqdan ochiq gapirishni afzal ko‘radigan isroillik harbiylarning oldingi avlodiga mansub.
«G‘azo azoblanishi kerak… dunyoda hech bir millat qo‘shnilari chaqaloqlar, ayollar yoki oddiy odamlarni o‘ldirish bilan shug‘ullanishiga rozi bo‘la olmaydi. Xuddi siz [britanlar] Ikkinchi jahon urushi vaqtida dushmanni tor-mor etganingiz kabi. Biz ham G‘azoda aynan shunday qilishimiz kerak. Hech qanday rahm-shafqatsiz».
— Ammo bu urushda halok bo‘layotgan tinch falastinliklar haqida nima deyish mumkin? — deya so‘rayman men.
— Afsuski, bu ro‘y bermoqda, — deya javob beradi u. — Biz xavfli hududda yashaymiz va biz omon qolishimiz kerak… Biz qat’iy harakat qilishimiz darkor. Bizda tanlov yo‘q.
Uning falastinlik oddiy fuqarolar o‘limi yomonligi, ammo ular HAMASning harakatlari tufayli halok bo‘layotgani to‘g‘risidagi fikrlariga isroilliklarning juda ko‘p qismi qo‘shiladi.
2.
Isroilning HAMASga qarshi harbiy kampaniyasi dahshatli qon to‘kilishiga olib kelayotgani ham ochiq oydin ko‘rinib turibdi. HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan falastinliklar soni 10 mingdan oshgan, shundan 60 foizdan ortig‘i — ayollar va bolalar.
Halok bo‘lgan erkaklarning qanchasi tinch aholi vakillari, qanchasi HAMAS yoki «Islom jihodi» bo‘linmalari safida jang qilgani ma’lum emas. AQSh prezidenti va isroilliklar vazirlik ma’lumotiga ishonmaydi, ammo oldingi mojarolar vaqtida xalqaro tashkilotlar qurbonlar soni to‘g‘risida Falastin hukumati tomonidan berilgan ma’lumotlarni ishonchli deb hisoblashgan.
Dahshatli bir bosqich yaqinlashib kelmoqda. BMT Rossiyaning Ukrainaga 21 oy oldin boshlagan bosqinidan buyon tinch aholi vakillari bo‘lgan 9,7 ming kishi halok bo‘lganini bildirgan. Ha, halok bo‘lgan falastinliklarning bir qismi HAMAS a’zolari hisoblanadi. Ammo agar bundaylar miqdori 10 foiz deb olinsa ham (bu esa to‘g‘ri ekani dargumon), bu Isroilning G‘azo bo‘ylab bir oylik aviazarbalari Rossiyaning 2022 yil fevralida Ukrainaga boshlagan bosqini davrida halok bo‘lganlar bilan bir xil miqdordagi tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelganini anglatadi.
(BMT Ukrainadagi qurbonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq emasligi va tinch aholi orasidagi o‘limlarning haqiqiy soni ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, G‘azoda halok bo‘lganlar soni ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki, katta ehtimol bilan, hali ko‘plab falastinliklar xarobalar ostida qolmoqda).
BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi isroilliklarning aviazarbalari tinch aholi orasida juda ko‘p qurbonlarga sabab bo‘layotgani harbiy ustunlikka mutanosib emasligi, shu tufayli bu harbiy jinoyat bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.
HAMAS Isroilga hujum qilgan kundanoq AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilning HAMASni G‘azoda hokimiyatdan ketkazish uchun harbiy kuch qo‘llash qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Ammo u buni «to‘g‘ri yo‘llar bilan» qilish kerakligini ta’kidladi. U Isroil tinch aholini himoya qilishni o‘z ichiga oluvchi urush olib borish qonunlariga rioya qilishi kerakligini nazarda tutgandi.
Tel-Avivga AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken keldi. U ketishidan oldin shunday dedi: «Qachonki vayron bo‘lgan bino xarobalari ostidan olib chiqilgan falastinlik bolani — o‘g‘il yoki qizni ko‘rganimda, Isroil yoki istalgan boshqa davlatdan bo‘lgan bolani shu ahvolda ko‘rganda bo‘ladigani kabi larzaga tushaman».
Men Isroil so‘nggi 30 yil mobaynida olib borgan barcha urushlarda reportyorlik qilganman. Va men Amerika ma’muriyati Isroil urush olib borish qonunlariga rioya etishini bu qadar ochiq talab qilganini hech qachon ko‘rmaganman. Blinkenning tashrifi shuni ko‘rsatadiki, u isroilliklar Baydenning maslahatiga amal qilmayapti deb biladi.
3.
Ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana bir narsa bor: Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ulkan bosim ostida.
Isroil maxsus xizmatlari va armiya rahbarlaridan farqli o‘laroq, u 7 oktyabr kuni Isroil chegaralarini deyarli himoyasiz qoldirgan qator halokatli muvaffaqiyatsizliklar uchun shaxsan javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
29 oktyabr kuni bosh vazirning barchasiga razvedka xizmati aybdorligi haqida tvitterda yozgan so‘zlari katta norozilik uyg‘otdi. Keyinroq Netanyahu o‘z tvitini o‘chirib yubordi va buning uchun uzr so‘radi.
Uch nafar taniqli isroillik — tinchlik muzokaralarining sobiq ishtirokchisi, Isroil kontrrazvedkasining sobiq boshlig‘i Shabak (Shin-Bet) va ko‘zga ko‘ringan tadbirkor — Foreign Affairs jurnali uchun maqola yozib, unda Netanyahu urushda va undan keyingi voqealarda umuman ishtirok etmasligi kerakligini bildirishgan. Bosh vazirning sodiq tarafdorlari bor, ammo u Isroil armiyasi va maxsus xizmatlardagi nufuzli shaxslarning qo‘llovini yo‘qotdi.
Iste’fodagi general, o‘z oilasini qutqarish uchun Naxal-Oz kibutsiga jang bilan kirib kelgan Noam Tibon Netanyahuni Ikkinchi jahon urushining ilk yillaridagi Britaniya bosh vaziri Nevill Chemberlenga qiyoslagan. U muvaffaqiyatsizliklardan keyin 1940 yilda iste’fo berishga majbur bo‘lgan va uning o‘rnini Uinston Cherchill egallagandi.
«Bu Isroil davlati tarixidagi eng ulkan muvaffaqiyatsizlik, — deydi Tibon. — Bu harbiy muvaffaqiyatsizlik edi. Bu razvedka muvaffaqiyatsizligi edi. Va bu hukumatning muvaffaqiyatsizligi edi. U barchani boshqaradi, shunday ekan, barcha ayb uning — bosh vazir Binyamin Netanyahuning zimmasida. Aynan uning rahbarligi vaqtida Isroil tarixtidagi eng katta muvaffaqiyatsizlik ro‘y berdi».
4.
Shuningdek, mintaqada shu vaqtgacha o‘rnatilgan status-kvo endi yo‘qligi ham kundek ravshan. Vaziyat bungacha ham xavfli va noxush edi, ammo unda qandaydir barqarorlik mavjud edi. Falastinliklarning so‘nggi isyonidan keyin (2005 yillarda) Netanyahu abadiy davom etishi mumkin, deb o‘ylagan qandaydir sxema o‘rnatilgandi. Ammo ikki tomon uchun ham bu xavfli illyuziya bo‘lib chiqdi. Falastinliklar ortiq Isroilga xavf solmasligiga ishonishardi. Ular qandaydir tarzda hal etilishi kerak bo‘lgan muammo sifatida qaraldi. Mavjud vositalar orasidan qamchi, shirin kulcha hamda «bo‘lib tashla va hukmronlik qil» deb ataluvchi qadimiy taktika tanlandi.
Avvaliga 1996-1999 yillarda, keyin 2009 yildan boshlab jami 10 yil mobaynida bosh vazirlik kursisida bo‘lgan Netanyahu doimo Isroilda tinchlik uchun hamkor yo‘qligini ta’kidlab keldi.
Ammo uning shunday hamkori bor edi. HAMASning asosiy raqibi bo‘lib qolgan Falastin muxtoriyati (FATH) — muammolari ko‘p tashkilot bo‘lib, uning ko‘plab tarafdorlari keksayib qolgan yetakchi Mahmud Abbos ketadigan payti bo‘lgan deb hisoblashadi. Ammo aynan FATH 1990 yillardayoq Isroil bilan tinch-totuv yashashi mumkin bo‘lgan Falastin davlatini yaratish g‘oyasiga rozi bo‘lgandi.
«Bo‘lib tashla va hukmronlik qil» prinsipi Netanyahu uchun HAMASga Falastin muxtoriyati o‘rniga G‘azodagi hokimiyatini mustahkamlashga imkon berishni anglatardi.
Isroil bosh vazirligida hammadan ko‘p vaqt davomida o‘tirgan ushbu siyosatchi hamisha o‘z chiqishlarida ehtiyotkor bo‘lib kelgan, biroq uning bu yillar mobaynida qilgan harakatlari u falastinliklarga mustaqil davlat qurishga ruxsat berishni istamasligini ko‘rsatdi. Bunday ssenariy (falastinliklarning o‘z davlati bo‘lishi) G‘arbiy sohildagi yerlardan, jumladan Sharqiy Quddusdan voz kechishni o‘z ichiga oladi. Isroillik o‘nglar esa bu hududlarni yahudiylarga tegishli deb ishonadi.
Vaqti-vaqti bilan Netanyahuning keng omma uchun mo‘ljallanmagan bayonotlari yuzaga chiqadi. 2019 yilda Isroildagi bir necha manbalar uning «Likud» partiyasi a’zolari qarshisidagi nutqi haqida xabar bergandi. O‘shanda u partiyadoshlariga agar ular Falastin davlati qurilishiga qarshi bo‘lsa, G‘azoga sarmoya kiritish bo‘yicha sxemani (buni asosan Qatar amalga oshiradi) qo‘llab-quvvatlashi lozimligini aytadi. Netanyahu G‘azodagi HAMAS va G‘arbiy sohildagi Falastin muxtoriyati o‘rtasidagi keskinlik chuqurlashishi falastinliklar davlati paydo bo‘lishini imkonsiz qilishini ta’kidlaydi
5.
Bundan tashqari, bu masalada AQSh qo‘lloviga ega bo‘lgan Isroil HAMASning hokimiyatda qolishiga imkon beruvchi hech qanday kelishuvga rozi bo‘lmasligi ham ayon narsa. Bu esa qon to‘kilishi ko‘lami yanada kengroq va kattaroq bo‘lishini anglatadi. Bu HAMASning o‘rnini kim egallashi borasidagi jiddiy savollarni ham tug‘diradi — ularga esa javob hozircha yo‘q.
Iordan daryosi va O‘rta Yer dengizi o‘rtasidagi zamin ustidan nazoratni qo‘lga olish uchun arablar va yahudiylar o‘rtasidagi kurash 100 yildan oshiq vaqt davom etmoqda. Ammo uning uzoq va qonli tarixidan chiqarilgan bir saboq shundaki — hech qachon harbiy yechim bo‘lmaydi.
1990-yillar boshida Osloda tinchlik jarayoni boshlangandi — u poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan, Isroilga qo‘shni bo‘lib yashaydigan Falastin davlatini tuzish yo‘li bilan mojaroga barham berishga qaratilgandi. AQSh prezidenti Barak Obama ma’muriyati davrida ushbu muzokaralarni jonlantirishga qaratilgan so‘nggi urinish amalga oshiriladi. Ammo 10 yil oldin bu urinishlar barbod bo‘lgandi — va shundan buyon mojaro faqat chuqurlashib bordi.
Prezident Bayden va boshqa ko‘pchilik aytganidek, yangi urushlardan qochishning yagona yo‘li — Isroilning yonida Falastin davlatini tuzishdir. Ammo kurashayotgan tomonlarning hozirgi yetakchilari bilan buni amalga oshirish imkonsiz. Ikki tomondagi ekstremistlar 1990-yillarda bo‘lgani kabi (o‘shanda tinchlik muzokaralari tashabbuskori bo‘lgan Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin o‘ldirib ketilgandi) bundan keyin ham bu g‘oyani ko‘mib tashlash uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Ularning ayrimlari diniy amrni bajarayotganiga ishonadi, shuning uchun ularni dunyoviy yo‘naltirilgan murosa zarurligiga ishontirib bo‘lmaydi.
Ammo boshqa narsa emas, faqat shu urush shu qadar kuchli shokka olib kelishi mumkinki, chuqur ildiz otgan noto‘g‘ri qarashlar qulaydi va ikki davlatning birgalikda yashashi g‘oyasi haqiqatga aylanadi. Mojaroni yakunlash uchun o‘zaro maqbul yo‘l topilmagan taqdirda esa isroilliklar va falastinliklarning yangidan yangi avlodlari yangi urushlarga mahkum bo‘ladi.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024