O‘zbekiston | 22:35 / 10.09.2025
8851
5 daqiqa o‘qiladi

Pensiya yoshi oshirilishi, ta’limdagi yagona davlat imtihoni – mahalliy dayjest

Shavkat Mirziyoyev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi. Harbiy va idoraviy formalarga o‘xshash kiyim kiyganlar jarimaga tortiladi. Pensiya yoshini oshirish rejalashtirilyapti. Ta’limda yagona davlat imtihoni joriy etilishi mumkin. Qariyb 4 yil oldin qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona endi uni pichoqlab o‘ldirdi. Uy-joy qurilishi qonuniyligini tekshirish imkoniyati yaratilmoqda. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi.

Tashkiliy qo‘mitaning ta’kidlashicha, uch mamlakat yetakchilari Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissalari uchun ushbu mukofotga loyiq deb topildi.

Tolstoy mukofoti Rossiya Tarix jamiyati va Rossiya Tinchlik fondi tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, u tinchlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan xizmatlari uchun beriladi.

Harbiy va idoraviy formalarga o‘xshash kiyim kiyganlar jarimaga tortiladi

Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish, harbiy va idoraviy formali kiyimga o‘xshash formali kiyim-boshni joriy etish va ulardan foydalanish uchun jazo choralari qo‘llanadi.

Pensiya yoshini oshirish rejalashtirilyapti

Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonovga ko‘ra, erkaklar uchun pensiya yoshi hozirgi 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Qayd qilinishicha, mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 75 yilni tashkil etyapti.

Otajonovning qo‘shimcha qilishicha, pensiya yoshini oshirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilingani yo‘q.

Ta’limda yagona davlat imtihoni joriy etilishi mumkin

Ta’limda Yagona davlat imtihoni (YaDI) tizimini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali amaliyotga joriy etish reja qilinyapti. Tashabbus prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ilgari surilgan.

Qayd qilinishicha, ayni paytda o‘quvchilar 3 marta imtihon topshiryapti: maktab bitiruv imtihoni, oliy ta’limga kirish imtihoni, fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihoni. Mazkur imtihonlarni birlashtirish yo‘li bilan Yagona davlat imtihoni (YaDI) topshirishga o‘tish va jarayonni soddalashtirish reja qilinyapti.

Qariyb 4 yil oldin qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona endi uni pichoqlab o‘ldirdi

2022 yil yanvarida Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qiz qotillik qurboni bo‘ldi: joriy yil avgust oyi boshida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqqan ona bu safar qizini pichoqlab o‘ldirdi.

Holat yuzasidan Sergeli tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayol protsessual tartibda ushlangan. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

Uy-joy qurilishi qonuniyligini tekshirish imkoniyati yaratilmoqda

Qurilish kompaniyalariga qurayotgan obekti yoniga QR-kodli pasport o‘rnatish talabi qo‘yilyapti. Ushbu xizmat orqali obekt nomi, buyurtmachi, loyihachi, quruvchi va uning reytingi, qachon foydalanishga topshirilishi, shaharsozlik hujjatlari va boshqa ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.

Bunda har bir ma’lumotni diqqat bilan o‘qib chiqish tavsiya etiladi. Masalan, uy deb sotilayotgan bo‘lsa-da, hujjatda mehmonxona, biznes markazi yoki savdo shoxobchasi sifatida yozilgan bo‘lishi mumkin. QR-kodli pasport ehtimoliy firiblarning oldini olishi mumkin.

Mavzuga oid