Isroil 9 sentabr kuni Qatarning Doha shahridagi Hamasning siyosiy yetakchilarini havo hujumi bilan o‘ldirishga urindi. AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil zarbasi haqida «juda norozi» ekanini aytib, masalaga oid to‘liq bayonotni chorshanba kuni berishini bildirdi.
«Men bundan mamnun emasman. Bu yaxshi vaziyat emas, ammo shuni aytaman: biz garovdagilarni qaytarishni xohlaymiz, lekin bugun bo‘lgan voqea shaklidan ham xursand emasmiz,» deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
Isroil hujumni o‘zini oqlashga urinsa, Qatar uni xiyonatkorona va «davlat terrorizmi» deb atamoqda. Qatarning bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Os-Soniyning aytishicha, bu zarbalar Qatar vositachilik qilayotgan HAMAS va Isroil tinchlik muzokaralarini izdan chiqarish xavfini tug‘dirmoqda.
Tramp shuningdek, Hamasni nishonga olishni «arzishga loyiq maqsad» deb atadi, biroq hujum AQShning NATOga kirmagan yirik ittifoqchisi bo‘lgan davlatda amalga oshirilgani uchun afsus bildirdi.
«Qatarda, suveren davlat va AQShning yaqin ittifoqchisida, tinchlik vositachiligida jasorat bilan harakat qilayotgan mamlakatni bir tomonlama bombardimon qilish Isroil yoki Amerika maqsadlariga xizmat qilmaydi,» deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda. «Ammo G‘azodagi odamlarning azobidan foyda ko‘rgan Hamasni yo‘q qilish – arzishga loyiq maqsad».
Trampning aytishicha, AQSh armiyasi hujumdan sal oldin xabar bergan.
Xususan, Oq uy matbuot kotibi Karolin Levittga ko‘ra, Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoffni «qatarliklarni yaqinlashayotgan hujum haqida xabardor qilishga» topshiriq bergan.
Biroq Qatar bu ta’rifni rad etdi. Qatarning tashqi ishlar vazirligi vakili hukumat «oldindan xabardor qilingan» degan da’volarni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi.









