Dubayda bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Bosh direktori doktor Gretel Aguilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv «O‘zbekiston» pavilyonida bo‘lib o‘tdi. Vazir doktor G. Agilarni bosh direktor lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va IUCN bilan yaqin va amaliy hamkorlikni davom ettirishga, shuningdek, O‘zbekistonda qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirishga umid bildirdi.

Uchrashuvda bugungi kunda umumiy qiymati 22 mln dollardan ortiq bo‘lgan qo‘shma grant loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish boshlangani, shundan 2 tasi milliy va bittasi hududiy loyiha ekani ta’kidlandi. Loyihalar atrof-muhitni muhofaza qilish, yerlarni tiklash, O‘zbekistonning qimmatli landshaftlari ekotizimlarini yaxshilash va iqlim o‘zgarishi sharoitida barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, insoniy va institutsional salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.

«Biz O‘zbekiston hukumatiga Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz. O‘zbekiston boy bioxilma-xillik va madaniy merosga ega bo‘lgani sababli dunyoning juda muhim qismidir. Shunday ekan, bunday davlat bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, - dedi doktor Gretel Agilar. - Shuningdek, yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyada (CMS COP14) ishtirok etishni intiqlik bilan kutamiz. IUCN butun dunyo bo‘ylab hayvonlarni himoya qilish, xususan, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning Qizil ro‘yxati va muhofaza qilinadigan hududlarni saqlash borasida juda ko‘p ishlarni amalga oshiradi. Eng muhimi, biz IUCN’ning O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi ochilish kunini bu quvonchli lahzalarni o‘zbek xalqi bilan baham ko‘rish uchun intiqlik bilan kutmoqdamiz. Shu bois, ushbu tadbir biz uchun juda muhim va O‘zbekiston hukumatiga bizni qo‘llab-quvvatlab, nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorga aylangani uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz».

Bundan tashqari, uchrashuvda tabiatni muhofaza qilish va boshqarish rejalarini ishlab chiqishda hamkorlik qilish, IUCN metodologiyasiga muvofiq yangilangan O‘zbekistonning yangi Qizil kitobini nashr etish, tashkilot mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Bonndagi Atrof-muhit huquqi markazi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.

Qolaversa, Markaziy Osiyoda birinchi IUCN vakolatxonasini ochish masalasi ham muhokama qilindi.