Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan eng muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Eng ko‘p qo‘yilayotgan ismlar

Adliya vazirligi an’anaga ko‘ra o‘tgan yili tug‘ilgan chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilgan ismlar top-o‘ntaligini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Muhammadali va Soliha 2023 yilda ham eng trenddagi ismlar bo‘lgan. O‘tgan yili 24 mingdan ortiq qizaloqqa Soliha deb, 27 mingdan ortiq chaqaloqqa esa Muhammadali deb ism berilgan. Bu ismlar qatorasiga 5-6 yildan buyon top-o‘ntalikda birinchi o‘rinni egallab kelyapti.

Qizlarning ismlari orasida Yasmina ismi oxirgi ikki yilda ancha ommalashdi. 2022 yilgacha biror marta to‘p-o‘ntalikka kirmagan bu ism o‘sha yili 6-o‘rinni, 2023 yilda esa 2-o‘rinni egalladi. Qatorasiga to‘rt yil mashhurligi bo‘yicha Solihadan keyin 2-raqamli ism bo‘lib kelgan Muslima o‘tgan yili uchinchi o‘ringa tushgan. 2023 yilda eng ko‘p qo‘yilgan qiz bolalar ismi o‘ntaligidan, shuningdek, Hadicha, Imona, Shukrona, Sumayya, Ifora, Sa’diya va Mubina ismlari joy olgan.

O‘tgan yili o‘g‘il farzandli bo‘lgan ota-onalar eng ko‘p tanlagan uchta ism – Muhammadali, Mustafo va Abdulloh bo‘ldi. Yana o‘n mingdan ortiq chaqaloqqa Muhammad, Muhammadyusuf va Muhammadamin deb ism qo‘yilgan. Top-o‘ntalikdan Nurmuhammad, Muhammadjon, Imronbek va Muhammadziyo ismlari ham o‘rin olgan.

Ma’lumot uchun, Muhammadali ismi trendga chiqquniga qadar, o‘g‘il bolalar orasida Azizbek ismi birinchi o‘rinda bo‘lgan, lekin oxirgi to‘rt yilda bu ism o‘nlikka ham kira olgani yo‘q. 2014-2015 yilgi reytinglarda o‘g‘il bolalarga Asilbek, Umid, Ozod, Shohjahon, Sardor, Jahongir, Javohir, Ulug‘bek kabi ismlar ko‘p qo‘yilgan.