O‘zbekiston | 21:07 / 03.04.2024
7186
7 daqiqa o‘qiladi

3 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Toshkent shahridagi tayinlovlar, Amir Temur shohko‘chasida kutilayotgan o‘zgarishlar, tashabbusli budjetga qo‘shilayotgan «Mening bog‘im», masjidlarda o‘g‘rilik qilgan shaxsga hukm - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi sessiyasida qatnashdi

Sessiyada Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi hisoblangan Shavkat Umurzoqov shahar hokimi etib tayinlandi.

Sh.Umurzoqov 2023 yilning martida Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olinganidan so‘ng Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida ish boshlagandi.

Prezident Sh.Mirziyoyev sessiyasida og‘ir xalqaro vaziyat haqida gapirib o‘tdi. Davlat rahbari so‘zining avvalida murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimiz, Yaqin Sharqdagi va asosiy hamkorlarimiz o‘rtasidagi mojarolar yechim topmayotgani, shu jumladan Moskva viloyatidagi mudhish terakt oqibatida xalqaro vaziyat yanada jiddiy tus olayotganini qayd etgan.

Toshkent shahar hokimligida yana bir tayinlov amalga oshirildi. Shahnoza Sultonova Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. 

KUN IQTIBOSI

«Shunday vaqtlar bo‘ldiki, pedagoglikka e’tibor susayib ketdi. Hozir bu sharafli kasbning nufuzini tiklash, ularni moddiy rag‘batlantirishga harakat qilayapmiz. Yangi Toshkent shahri qurilishini ham Pedagogika universiteti binosiga poydevor qo‘yishdan boshlamoqchimiz. Chunki yangi O‘zbekistonning birinchi zamini — o‘qituvchilar. Shuning uchun ular doim o‘z ustida ishlashi, bilim va uslublarini rivojlantirib borishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi ayrim tadbirkorlarga subsidiya beriladi

Yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash, quritish, qayta ishlash hamda ularni eksport qilish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan jami 1,5 trln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit resurslari yo‘naltiriladi. 

«Mening bog‘im» loyihasini moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi

Qonunchilikka asosan, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda Respublika budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi «Mening bog‘im» loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

«Yashil bog‘» va «yashil jamoat parklari»ni tashkil qilish bo‘yicha yer maydoni manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda, qiymati 250 mln so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi. «Mening bog‘im» loyihalariga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladi. 

KUN RAQAMI

O‘zbekistonda 2024 yilning uch oyida 4562 jinoyat fosh etildi hamda qidiruvda bo‘lgan 1265 nafar shaxs ushlandi

Poytaxtning Amir Temur shohko‘chasidagi davlat idoralari binolari biznes loyihalariga beriladi

Prezident shohko‘chadagi 8 ta davlat idorasining eski binolarini rekonstruksiya qilish va savdo obektlari, ofis va yerosti avtoturargohiga ega mehmonxonalar qurish uchun tadbirkorlarga berishni taklif etdi.

Prezidentga ko‘ra, Yunusobod poytaxtning eng qulay qismida joylashgani sababli bu yerda kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin ularni eng qiynaydigan masala — tumanda bo‘sh joy topish bo‘lib turibdi.

«Amir Temur shohko‘chasi so‘nggi 7 yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududning o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chaning 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3–4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan», — degan prezident. 

KUN FAKTI

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Tsement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish» loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalladagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining 240 mln dollarlik qarz mablag‘i yo‘naltiriladi

O‘zbekistonga 2024 yilning dastlabki ikki oyida qancha elektromobil import qilingani aytildi

2024 yilning yanvar-fevral oylarida xorijiy davlatlardan qiymati 85,7 mln AQSh dollariga teng 3502 ta elektromobil import qilingan. 

O‘zbekistonda 10 yosh va undan kattalar orasida telefon ishlatadiganlar ulushi oshgan

Statistika agentligiga ko‘ra, aholining bunday ulushi ayni vaqtda 99,1 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda – 95,7 foizni, 2022 yilda – 97,8 foizni tashkil etgan. 2023 yilda 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan mobil telefonlar soni o‘rtacha 349 tani tashkil etgan

Toshkentdagi masjidlarda o‘g‘irlik qilib yurgan shaxs 6 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan masjidlarda o‘g‘irlik qilib yurgan fuqaroga nisbatan sud ishi ko‘rib chiqildi va sudlanuvchi I.O.ga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

Andijonda o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, firibgarlik qilgan shaxs ushlandi

Muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan shaxs boshqa bir fuqaroga o‘zini go‘yoki TIF «Milliy bank» Andijon viloyati filiali xodimi deb tanishtirib, ushbu bankda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 50 mln so‘m evaziga 500 mln so‘m ipoteka krediti ajratib berishini aytib, ushbu pullar hisobidan 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan

SMS orqali soxta havola jo‘natib, o‘zganing pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

So‘x tumanida yashovchi 27 yoshli N.R. ariza bilan murojaat qilib, o‘zining bank kartasidan 2 720 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni shu tumanda yashovchi, muqaddam sudlangan 24 yoshli E.M. sodir etgani aniqlangan.

E.M. jabrlanuvchi N.R.ga SMS-xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, uning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va 2 mln 720 ming so‘mni o‘zining plastik kartasiga o‘tkazib olgan

Mavzuga oid