O‘zbekistonda 841 km yo‘l sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobil yo‘llari qurilishiga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda xalqaro va mahalliy yo‘llar tarmog‘ini rivojlantirish, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘plab loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Tsement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish» loyihasi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalladagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining 240 million dollarlik qarz mablag‘i yo‘naltiriladi.
Qurilish hamda texnik nazorat ishlari to‘liq mahalliy pudratchilar – xususiy tadbirkorlar va mahalliy muhandislar tomonidan amalga oshiriladi. Yo‘llar foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng, bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi va ekspluatatsiya qilinadi.
Yana bir loyiha xalqaro ahamiyatdagi M39 «Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz» magistral avtomobil yo‘lining 1255-1315 kilometrlarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Yo‘lning bu qismi Dehqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasidan o‘tgan bo‘lib, hozirgi kunda tor va ta’mirtalab. Loyiha doirasida 60 kilometr uzunlikdagi yo‘l sement-beton qoplamadan 4 tasmali qilib quriladi. Dehqonobod tumani markazini aylanib o‘tuvchi 17 kilometrlik yangi yo‘l, 14 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar barpo etiladi. Bu Islom taraqqiyot banki va OPeK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasidan jalb etiladigan qariyb 154 million dollar hisobidan moliyalashtiriladi.
Prezidentning tegishli qarorida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini qaytadan tuzish vazifasi belgilangan. Shuningdek, tajriba-sinov tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda 20 kilometrdan avtomobil yo‘lini ekspluatatsiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadigan yo‘llar ro‘yxati tasdiqlangan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Davlat rahbari yo‘llarni sifatli qurish, ta’mirlanadigan ko‘chalar bo‘yida daraxtlarni o‘stirish orqali hudud ekologiyasini yaxshilash, qishloqlarda qulay yo‘l-transport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
17:55 / 17.07.2024
Sanepidqo‘mita fuqarolarni avtomobil yo‘llari yonidan tarvuz va qovun sotib olmaslikka chaqirdi
11:32 / 09.07.2024
2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistondagi davlat va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llar raqami o‘zgaradi
15:29 / 02.06.2024
Panamerika shossesidan Transsibir magistraligacha – dunyoning eng uzun yo‘llari qayerda joylashgan?
11:22 / 02.05.2024