21:15 / 04.04.2024
8885

4 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

To‘qayevning kutilayotgan tashrifi, poytaxtda oshirilgan issiq suv tarifi, Maxtumquli ko‘chasidagi yirik avtofalokat va qo‘lga tushgan korrupsionerlar - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Qozog‘iston prezidenti 5 aprel kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 5 aprel kuni tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Prezidentlar Xiva shahrida ikki davlat o‘rtasida o‘tkaziladigan muzokaralarda ishtirok etadi.

Muzokaralardagi asosiy mavzular o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish, hamkorlikni rivojlantirish bo‘lishi kutilmoqda. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining ikki o‘rinbosari almashtirildi

Komiljon Karimov va Shahloxon Turdiqulova boshqa ishga o‘tkazilgan.

Shohrux Daliyev va Otabek Mahkamov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosarlari sifatida tanishtirildi. Ular bungacha mos ravishda Vazirlar Mahkamasida hamda Prezident Administratsiyasida mas’ul lavozimlarda ishlagan. 

Toshkentda issiqlik ta’minoti va issiq suv bo‘yicha yangi tariflar tasdiqlandi

2 apreldan e’tiboran aholiga issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun tariflar 15 foizga ko‘tarilgan.

KUN RAQAMI

O‘zbekiston 2024 yilning fevral oyida jahonda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi.

Jahon Oltin Kengashining (WGC) oylik ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston Markaziy banki fevral oyida dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq — 12 tonna oltin sotgan. 

Yunusobod dehqon bozorini 6 qavatli qilish taklif etilmoqda

Xorijiy investorlar Yunusobod dehqon bozoriga 40 mln dollar sarmoya kiritish va uni yer ostida ikki qavat, yer ustida olti qavatli bozorga aylantirishni taklif qilgan.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Yunusobod dehqon bozori va Ahmad Donish bozorini olti qavatli qilish rejalashtirilgan. 

Qozog‘istondagi YTHda 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etgani bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Qozog‘istondagi YTHda vafot etgan 8 nafar o‘zbekistonlikning jasadi Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali vatanimizga olib kelinadi.

3 aprel kuni Samara-Chimkent trassasining Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan qismida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. YTH Volvo yuk mashinasi hamda O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Toyota-Alhpard miniveni ishtirokida sodir bo‘lgan. 

Toshkentda 15 ta avtomashina ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi

Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida  15 ta avtomashina ishtirokida sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi jarohatlangan.

«Kamaz» rusumli tirkamali yuk avtomashinasining tormozi ishlamay qolgan sababli sodir bo‘lgan avtohalokatda yana 14 ta — 3 ta Lacetti, 3 ta Cobalt, 2 ta BYD, Tracker-2, Spark, Damas, Nexia-2, Nexia-3, Cherry yengil avtomashinalariga ham ziyon yetkazilgan. 

DXX qator mansabdorlarni korrupsiya va firibgarlik ustida qo‘lga oldi

Raqobat qo‘mitasi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari 22,5 ming AQSh dollari, Toshkent shahrida «O‘zbekiston shaharsozlik LITI» davlat muassasasi arxitektori andijonlik tadbirkordan 20 ming AQSh dollari va Qashqadaryoda «Barkamol avlod» bolalar maktabi direktori 30 ming AQSh dollari olayotganda ushlangan.

 

Top