21:49 / 21.05.2024
4761

21 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Rossiya prezidenti bilan muloqot qilgan hamda Eron elchixonasida ta’ziya bildirgan Mirziyoyev, rasman ittifoqchimizga aylangan Qozog‘iston va tashqi savdo aylanmasidagi o‘sish - O‘zbekistonda 21 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz. 

6 ming gektar yer sotiladi

2024 yilda respublika bo‘yicha jami 6 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Sotiladigan yerlarning 225 gektari – Toshkent shahrida joylashgan.

Hukumatning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish jarayonlarini va xususiylashtirish dasturi ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra yer uchastkalarini auksion orqali savdoga chiqarish rejasi tasdiqlanmoqda.

Bunda shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilmagan yer uchastkalari ijara huquqi asosida savdoga chiqariladi. Boshqa barcha holatlarda yer uchastkalari mulk huquqi asosida taqdim etiladi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llar bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirish uchun 400 ta obekt savdoga chiqariladi.

845 aholi yashash punktida 2027 yilgacha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha reja tasdiqlanmoqda. Nihoyat, Toshkent shahrining bosh rejasi ham 2024 yilning yakuniga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. 

Prezident muloqotlari

Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat asnosida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Kreml matbuot xizmati xabarida rahbarlar Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifiga tayyorgarlikning borishini ham muhokama qilgani aytilgan.

Shavkat Mirziyoyev bugun Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurib, mamlakat shimolida vertolyot qulashi oqibatida prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslar fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan do‘st Eron xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari diplomatik vakolatxonada ochilgan Hamdardlik kitobiga samimiy ta’ziya va taskin so‘zlarini yozib qoldirdi. 

Qozog‘iston rasman ittifoqchi davlat

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan tuzilgan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi.

«Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qozog‘iston Respublikasi qonunini imzoladi», — deyiladi Oq o‘rda xabarida.

Avvalroq, 25 aprel kuni Qozog‘iston Senati deputatlari Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilgan edi.

Tegishli bitim ikki davlat rahbarlari tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Hujjat siyosiy, savdo-iqtisodiy, tranzit-transport, energetika, madaniy-gumanitar sohalarda, fuqaro mudofaasi va energetika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro maydonda o‘zaro aloqalarni mustahkamlashni nazarda tutadi. 

Mahallalar uchun yangi platforma

Mahallalarda yettilik tomonidan yagona savolnoma asosida fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish tizimi joriy etiladi.

Yangi o‘rnatiladigan tartibga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab fuqarolarning yagona savolnoma asosida aniqlangan hamda “mahalla yettiligi” vakillariga hal etish uchun yo‘naltirilgan muammolarini ko‘rib chiqish va natijalarini elektron axborot tizimiga kiritish muddati o‘n kun etib belgilanadi.

Yagona savolnoma O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan “Raqamli mahalla” platformasida yuritiladi. 

Tashqi savdo aylanmasida o‘sish

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 20,9 mlrd dollarga yetdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi hajmi 2023 yilning mos davri bilan solishtirilganda 1,2 mlrd AQSh dollariga yoki 5,9 foizga oshgan.

Toshkent shahri O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng yuqori — 38,8 foiz ulushni egallagan. Toshkent shahrining tashqi savdo aylanmasi hajmi 2024 yilning dastlabki 4 oyida qariyb 8,1 mlrd AQSh dollariga yetgan. 

Cobalt’ga tashlangan “xurjun”

Qamchiq dovonida yukni g‘ayrioddiy usulda tashigan haydovchi javobgarlikka tortildi.

U o‘z boshqaruvidagi Cobalt rusumli transport vositasida yukni arqonlar vositasida yon tomonga bog‘lab harakatlangan va yuk tashish qoidalarini buzgan. 

Ta’kidlanishicha, YPX xodimlari tomonidan haydovchi bilan profilaktik-tushuntirish ishlari olib borilgan va unga o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rilgan.

Yukni bu tarzda tashish yo‘llarda harakatlanuvchi boshqa transport vositalariga ham xavf keltirib chiqarishini anglatish ko‘pchilikka shart ham emas.

Top