O‘zbekiston | 09:33 / 21.05.2024
9065
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi

Tegishli bitim ikki davlat rahbarlari tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi, deb xabar beradi Zakon.kz.

«Davlat rahbari «Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qozog‘iston Respublikasi qonunini imzoladi», — deyiladi Oqo‘rda xabarida.

Qozog‘iston Senati qonunni 25 aprel kuni ma’qullagandi.

O‘zbekistonda bu shartnoma 2023 yil dekabr oyida ratifikatsiya qilingan edi. Tegishli bitim ikki davlat rahbarlari tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Hujjat siyosiy, savdo-iqtisodiy, tranzit-transport, energetika, madaniy-gumanitar sohalarda, fuqaro mudofaasi va energetika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro maydonda o‘zaro aloqalarni mustahkamlashni nazarda tutadi.

Shartnoma bandlariga muvofiq, tomonlar ikki davlat parlamentlari, siyosiy partiyalari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi. 

Shuningdek, terrorizm, diniy ekstremizm va separatizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, noqonuniy savdo, shu jumladan, xavfsizlikka oid yangi chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik sohalarida yaqindan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid