11:00 / 31.05.2024
7202

O‘zbekistonning davlat qarzi 35 mlrd dollardan oshdi

Joriy yilning 1 aprel holatiga davlat qarzi 35,3 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 38,3 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilda tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 2,82 mlrd dollarga yetgan. Davlat qarzining 93 foizdan ortiq qismi xorijiy valutada jalb qilingan.

Foto: AP

2024 yilning 1 aprel holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 35,3 mlrd dollarga yetgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik tomonidan e’lon qilingan hisobotda o‘tgan yil davomida 5,7 milliard dollar qarz mablag‘lari jalb qilingani keltirilgan. Xususan, 2023 yilda davlat tashqi qarzi 3,7 milliardga oshib, 29,6 milliard dollarni tashkil etgan. Ichki qarz esa 2 milliard dollarga oshib, 5,3 milliard dollarga yetgan.

Davlat qarzining mamlakat YaIMiga nisbati 2022 yil oxiridagi 36,4 foizdan 2023 yil oxirida 38,4 foizgacha oshgan.

2024 yilning 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi:

  • Jahon banki — 6,6 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 6,4 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 3,4 mlrd dollar;
  • Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — 2 mlrd dollar;
  • Xitoy Eksimbanki — 1,9 mlrd dollar;
  • Xitoy davlat taraqqiyot banki — 1,4 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,3 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 0,9 mlrd dollar;
  • Koreya iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi — 0,8 mlrd dollar;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi — 0,8 mlrd dollar;
  • Fransiya taraqqiyot agentligi — 0,7 mlrd dollar;
  • Yevropa davlatlari (Germaniya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Polsha, Avstriya) – 0,4 mlrd dollar:
  • Yaponiya xalqaro hamkorlik banki — 0,3 mlrd dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Yevropa investitsiya banki — 0,3 mlrd dollar;
  • Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar — 2,4 mlrd dollar.

Davlat qarzining valuta tarkibi quyidagicha (foizda):

2023 yilda Davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 2,82 mlrd dollarga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 5,5 foizga ko‘tarilgandi. Yillik tashqi qarz limiti esa 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha oshirilgandi.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollarga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliya bozorlariga joylashtirgani xabar qilingandi.

Top