O‘zbekiston | 22:22 / 09.08.2024
3833
6 daqiqa o‘qiladi

9 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Sotuvga qimmat narxda chiqarilishi mo‘ljallanayotgan mahalliy BYD elektromobili, “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘idagi noqonuniy harakatlar, Qashqadaryoda liftda halok bo‘lgan orastabon ayol — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonning BYD elektromobillari qimmat bo‘ladi

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan BYD E2 Comfort elektromobilining eng arzon versiyasi 242 million so‘mdan sotilishi ma’lum bo‘ldi. Bu xuddi shu rusumdagi elektromobilning xususiy sotuvchilar taklif qilayotgan Luxury komplektatsiyasi narxdan rosa 42 mln so‘mga qimmat.

Boz ustiga, xususiy avtosalonlar 200 mln so‘mga Xitoydan keltirib beradigan elektromobil narxiga uni olib kelish, QQS, qayta ishlash to‘lovi, sertifikatlash va bojxona to‘lovlarini kiradi. Bundan tashqari, ba’zi “kulrang” dilerlar mashinaga 2 yillik kafolat beradi”, - deb yozadi Avstostrada nashri.

“O‘zavtosanoat” joriy yilning iyul oyida BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu modellar BYD Seagull va E2 bo‘lishi xabar qilingandi.

Avvalroq, BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD’lar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishini aytib o‘tgandi.

O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarayotgan ADM Jizzakh kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletyarov mahalliy bozor “haddan tashqari to‘yingani va qizib ketgani”ni iddao qilib, jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish va elektromobillar importi uchun bojlarni qayta tiklash taklifi bilan chiqqandi.

26 iyul kuni bo‘lib o‘tgan avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqotda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov elektromobil importiga boj kiritishni “100 foiz” qo‘llab-quvvatlagan edi.

Milliy tabiat bog‘ida noqonuniy qurilishlar

Ekologiya vazirligi tasarrufidagi «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘ida ekskavator va buldozerlar kiritilib, yo‘llar va inshootlar qurilishi oqibatida daraxtlar va o‘simliklarga zarar yetkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 5 nafar fuqaro Milliy bog‘ga «Yo‘lsoy» bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borgan. Bog‘ rahbariyati tabiat bog‘i muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekani, bu yerga ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan.

Shunga qaramasdan, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etgan va bir necha daraxtlar hamda o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yo‘llandi.

Samarqand viloyat prokuraturasi va kadastrlar palatasi viloyat bo‘limi xodimlari borib vaziyatni joyida o‘rganganida Milliy bog‘ hududida noqonuniy qurilgan inshootlar borligi aniqlangan.

Ta’kidlash lozimki, «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘ida 1300 turdan ortiq o‘simlik, noyob, qimmatbaho daraxtlar, 126 turdan ortiq umurtqali hayvon, 100 turdan ortiq qush uchraydi. O‘simliklarning 101 turi muhofazaga muhtoj hisoblanadi.

Lift shaxtasidan topilgan jasad

Qashqadaryoda shifoxonada orastabon bo‘lib ishlagan 36 yoshli ayol nosoz liftning shaxtasiga yiqilib tushib, vafot etgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialiga qarashli eski temiryo‘l shifoxonasidagi lift shaxtasidan ayol jasadi topilgan, deb xabar bergan «Markaziy studiya» ko‘rsatuvi.

Qarshi tumanida yashovchi ayol 3 avgust kuni ishga borgan va odatdagidek o‘z ish faoliyatini davom ettirgan. Tushga yaqin binodagi liftdan foydalanish maqsadida uning eshigini ochgan. Taxminlarga ko‘ra, ayol shu paytda lift nosozligi sababli shaxtaga tushib ketgan.

Oradan bir necha soat vaqt o‘tgach, shifokorlar orastabonning ko‘rinmay qolganini sezib, uning shu shifoxonada ishlaydigan singlisiga aytgan. Izlash ishlaridan natija bo‘lmagach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan.

Oradan deyarli 20 soat vaqt o‘tib, 4 avgust kuni ayol jonsiz holda lift shaxtasidan topilgan. Hozirda liftdan foydalanish cheklab qo‘yilgan.

Marhumaning 3 nafar farzandi bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i ishlash uchun Rossiyaga ketgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Qarshi shahar IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tumanlarga tayinlangan yangi hokimlar

Respublikamizning yana beshta tumaniga yangi hokimlar tayinlandi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Kamiljan Aytbayev Taxiatosh tumaniga, Anvar Baymuratov Qorao‘zak tumaniga hokim etib tayinlandi.

Xorazm viloyatida esa Zafarbek Matnazarov Yangiariq tumaniga, Ruslan O‘razbayev Gurlan tumaniga hokim etib tasdiqlandi.

Shu vaqtgacha Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumaniga rahbarlik qilib qelgan Ahror Mansurov Mingbuloq tumaniga yangi hokim tayinlandi.

Mavzuga oid