O‘zbekiston | 16:06 / 08.08.2024
6781
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatining ikki tumaniga yangi hokimlar tayinlandi

Zafarbek Matnazarov Yangiariq tumaniga, Ruslan O‘razbayev Gurlan tumaniga hokim etib tasdiqlandi. Nomzodlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etildi.

Zafarbek Bahodirovich Matnazarov Xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Matnazarov 1986 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, Toshkent moliya institutini tamomlagan.

Tayinlovga qadar Qo‘shko‘pir tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Ruslan Xajibayevich O‘razbayev Gurlan tumaniga hokim etib tasdiqlandi.

O‘razbayev 1979 yilda tug‘ilgan, 2000 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Tayinlovga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Qayd etilishicha, har ikki nomzod prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etildi.

Ma’lumot uchun, Yangiariq tumaniga 2023 yil avgustidan buyon rahbarlik qilib kelgan Kamol Otajonov hamda Gurlan tumaniga 2022 yil oktyabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Umrbek Jumaniyazov 2024 yil iyulida prezident raisligidagi videoselektorda ishdan olingandi.

Mavzuga oid