O‘zbekiston | 21:03 / 25.10.2024
2780
7 daqiqa o‘qiladi

25 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar

Hukumat huzuriga o‘tkazilgan Migratsiya agentligi, bitta tutni kesgani uchun 75 mln so‘m to‘laydigan fuqaro va bolalarni shamollashdan himoya qilish uchun tavsiyalar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Migratsiya agentligi tuzildi

Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etildi. Shuningdek, prezident qaroriga asosan, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi negizida Migratsiya jamg‘armasi tashkil etilib, jamg‘arma Migratsiya agentligiga o‘tkazildi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi. Tekshiruvlar bo‘yicha tuzilgan bayonnomalar “Xorijda ish” elektron dasturiga joylashtirib boriladi. Shu bilan birga, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.

2026 yil 1 yanvargacha Migratsiya agentligining fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.

Qarorga ko‘ra, fuqarolarga xorijda ishga joylashish va “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.

Yandex Eats va Express24 birlashadi

O‘zbekistonda taom yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi ikkita yirik servis – Yandex Eats va Express24 birlashadigan bo‘ldi. Yandex Uzbekistan kompaniyasi Express24 aktivlarining bir qismini sotib olayotganini e’lon qildi. Rasmiy xabarga ko‘ra, bitim tez orada yopiladi, shundan keyin ikki servis taom yetkazib berish bo‘yicha yagona texnologik platformani yaratadi. Express24 ilovasi ishlashda davom etishi aytilyapti. Bitim qiymati esa ochiqlanmadi.

Ayni paytda bu bitim borasida monopoliyaga qarshi organning munosabati kutilmoqda. Chunki aynan bitta bozorda faoliyat yurituvchi ikkita muhim o‘yinchining birlashishi raqobat muhitiga salbiy ta’sir qilishi, bu esa iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lishi mumkin. Yandex Uzbekistan kompaniyasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu bitim antimonopol organning roziligi olinadigan bitimlar toifasiga kirmaydi, shunday bo‘lsa-da, kompaniya kelishuv haqida Raqobat qo‘mitasini xabardor qilgan. Qo‘mita ham bu borada rasmiy axborot berilishini bildirdi.

Qonunchilikka ko‘ra, aktivlarining qiymati yoki yillik tushumi muayyan miqdordan ortiq bo‘lgan yirik kompaniyalar boshqa kompaniya bilan birlashsa, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olishi kerak. O‘tgan yili Uzum ekotizimi Click bilan birlashishini e’lon qilgan, o‘shanda Raqobat qo‘mitasi ular beruxsat birlashadigan bo‘lsa, jazolanishini ma’lum qilgandi. Oradan bir yil o‘tib, Uzum bu birlashuv g‘oyasidan voz kechganini bildirgan.

Rasmiy taksichilar 600 mingdan oshdi

O‘zbekistonda 2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni 4 million kishiga yetdi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich oxirgi bir yilda 87 foizga, ya’ni salkam 2 barobarga oshgan. O‘zini o‘zi band qilganlar Samarqand viloyatida 470 mingdan, Qashqadaryoda esa 413 mingdan oshgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni 612 mingga yaqinlashgan. Shundan 345 ming nafari 2024 yilda ro‘yxatdan o‘tgan. Jami 4 million nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning 44 foizi maishiy xizmatlar sohasida faoliyat yuritmoqda. Yana 1 milliondan ortiq fuqaro qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zini o‘zi band qilgan.

Daraxt kesganga 75 mln

Samarqandda 1 tup tutni kesgan fuqaro 75 mln so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Toyloq tumani ekologiya bo‘limiga ko‘ra, u tegishli tartibda ruxsat olmagan holda Xo‘jayuz mahallasi hududidagi 1 tup sog‘lom tut daraxtini kesib tashlagan. Natijada tabiatga 71 mln 250 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Huquqbuzar bu zararni qoplash bilan birga, BHMning 10 baravari – 3 million 750 ming so‘m miqdorida jarimaga ham tortilgan. Shu tariqa, bitta tutni kesib tashlaganlik uchun jazo roppa-rosa 75 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Shamollash mavsumi uchun tavsiyalar

Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni nafas yo‘llari kasalliklaridan himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiyevning so‘zlariga ko‘ra, oilada farzandlarni gigiyenik qonun-qoidalarga rioya qilish, qo‘lni sovunlab yuvish yoki tez-tez antiseptik vositalardan foydalanishga o‘rgatish kerak.

Bundan tashqari, yuzni qo‘l bilan ko‘p ushlamaslik, xonalarni doimiy shamollatish, yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz-burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishni o‘rgatish lozim. Bolalarga kasal bo‘lgan tengqurlari oldiga yaqin kelmaslikni aytish, himoya niqoblaridan foydalanishni tushuntirish zarur. Agar bola kasal bo‘lib qolsa, bog‘cha yoki maktabga yubormaslik kerak.

Professorning aytishicha, isitmasi yuqori bolaning tomog‘iga yod yoki zelyonka surtish xato, chunki kichik yoshdagi bemorning nafas yo‘li shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yallig‘langan va shishgan holatda bo‘ladi. Agar yod yoki zelyonka surilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashishi, laringit yuzaga kelishi mumkin.

“Bolaning fibril tutqanog‘i bo‘lmasa, kasallik tufayli tana harorati 38-38,5 darajadan past bo‘lganda isitmani tushirishga hojat yo‘q. Shundan orsagina “paratsetamol” yoki “ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin. Tana haroratining 37 daraja ekani isitma ko‘tarilganini anglatmaydi. Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyatsiya markaziga salbiy ta’sir etadi”, deydi Furqat Shamsiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, allergik yo‘tal, astma, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish mumkin emas. Chunki tutun kichkintoyning organlarida spazmni ko‘paytirib, yo‘talni yanada kuchaytirishi mumkin.

Tibbiyot fanlari doktoriga ko‘ra, bolalarga ko‘p suyuqlik berish, ularni to‘g‘ri ovqatlantirish va ularni chiniqtirish ham muhim ahamiyatga ega.

Mavzuga oid