Jahon | 11:54 / 14.11.2024
1914
3 daqiqa o‘qiladi

«Donolar kengashi» GFRning 2024 va 2025 yillar uchun YaIM prognozini pasaytirdi

Iqtisodchilarning prognozlariga ko‘ra, Germaniya yalpi ichki mahsuloti 2024 yilda avval kutilganidek 0,2 foizga o‘smasdan, 0,1 foizga kamayadi. 2025 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 0,9 foiz o‘rniga 0,4 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Foto: Canva

Germaniya hukumati huzuridagi Iqtisodiy ekspertlar kengashi mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi bo‘yicha o‘z prognozlarini pasaytirdi. 13 noyabr, chorshanba kuni e’lon qilingan «Donolar kengashi» yillik hisobotida Germaniya yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 0,1 foizga qisqarishi, kelgusi yilda esa atigi 0,4 foizga o‘sishi qayd etilgan. May oyida ekspertlar 2024 yilda 0,2 foiz, 2025 yilda esa 0,9 foiz o‘sishni bashorat qilgan edi.

Hisobotda aytilishicha, Germaniyada iqtisodiy rivojlanishning doimiy zaif sur’atlari, birinchi navbatda, ishlab chiqarish hajmi va ishlab chiqarish sektoridagi qo‘shilgan qiymatning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. «Ishlab chiqarish sanoatining zaifligi va doimiy past iqtisodiy o‘sish Germaniya iqtisodiyoti ham tarkibiy, ham siklik omillar tomonidan ushlab turilganidan dalolat beradi», deb tushuntirdi kengash raisi Monika Shnitser.

Shu bilan birga, Germaniya hukumatining iqtisodiy maslahatchilari inflatsiya sur’atlari sezilarli darajada pasayishini taxmin qilmoqdalar. 2024 yilda iste’mol narxlari o‘rtacha 2,2 foizga oshishi kutilmoqda, bu esa bahorgi prognozlardan 0,2 foiz punktga past. Hisobotga ko‘ra, 2025 yilda narxlarning o‘sishi 2,1 foizgacha sekinlashadi. Asosiy inflatsiya 2024 yilda 3,0 foizni, 2025 yilda esa 2,6 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda

Ukrainaga harbiy yordamni ma’qullagan Germaniya aholisi soni biroz kamaydi. 12 noyabr kuni Germaniyaning Kyorber nomidagi jamg‘arma buyurtmasi bo‘yicha Verian instituti tomonidan e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, hozir nemislarning 57 foizi bunday qo‘llab-quvvatlash tarafdori. Bu o‘tgan yilga nisbatan to‘qqiz foizga kam. Shu bilan birga, respondentlarning 45 foizi Ukrainadagi urushni eng katta geosiyosiy muammo deb biladi.

Respondentlarning qariyb yarmi (47 foizi) Ukraina qo‘shni davlat tomonidan bosib olingan barcha hududlarni qaytarmaguncha kurashni davom ettirishi tarafdori. Shu bilan birga, respondentlarning 43 foizi Kiyev xalqaro tan olingan hududining bir qismi bilan xayrlashishi va shu orqali urushni tugatishga harakat qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Ukrainadagi urush masalasida Germaniyaning g‘arbiy va sharqiy hududlari o‘rtasida sezilarli farq bor. Shunday qilib, sharqda hududlardan voz kechish g‘oyasini 52 foiz, keyingi kurash g‘oyasini esa 38 foiz qo‘llab-quvvatladi. G‘arbda bu masalalarni qo‘llab-quvvatlash mos ravishda 40 va 49 foizni tashkil etdi.

Mavzuga oid