“Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar” – Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi
Bosh vazir Abdulla Aripov Boysunning avariyaga uchragan “M25” kon atrofi, Kofrun mahallasida bo‘lib qaytdi. Tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, Aripov bir guruh oqsoqollar bilan aholining ko‘chishga rozi yoki rozi emasligini muhokama qilgan. “Hali oldingizga yana 2-3 marta kelaman. Bo‘lmasa, maslahat qilib aytasizlar”, – degan bosh vazir mahalliy yashovchilarga.
Ijtimoiy tarmoqlarda bosh vazir Abdulla Aripovning Surxondaryo viloyati Boysun tumani, aniqrog‘i “Mustaqillikning 25 yilligi” koni hamda unga yaqin hududda joylashgan Kofrun mahallasida bo‘lib qaytgani aks etgan video, suratlar tarqaldi.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Aripov prezident topshirig‘iga binoan avariya bo‘lgan joyga 29 sentabr va 11 noyabr kunlari borgan hamda aholi bilan muloqot qilgan.
“[Ofatning] oldini olishimiz bo‘yicha, avvalambor, hech qanday muammo bo‘lishi mumkin emas. Hamma chorasini ko‘ramiz. Mutaxassislarni Amerikadan ham, Yevropadan ham, hozir ham Rossiyaning o‘zidan eng yaxshi, mana shu sohaning bilimdonlarini olib kelganmiz. Bu zavodning ishga tushishi nafaqat Boysun, balki viloyatning iqtisodiyotini ko‘paytirishga juda katta ta’siri bo‘ladi”, – degan u.
Shuningdek, bosh vazir mahalliy yashovchilarni ko‘chirish masalasida ham gapirgan. Uning aytishicha, bu borada odamlarning o‘zi qanday fikrda ekani davlat rahbarini o‘ylantirmoqda.
“Hurmatli prezidentimiz OAVdan qarab boradilar-da, “oqsoqollar bilan gaplash, ular nima deyapti, rostdan shunaqa fikr bormi-yo‘qmi, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi”, – dedilar. Endi baribir odam o‘rgangan joyidan ketishi [qiyin-da]. Men bir narsa aytaman, filni 20 yil bitta joyda zanjir bilan qoziq qoqib, boylab qo‘yib, 20 yildan keyin zanjirni yechib, qoziqni olib tashlasangiz, o‘sha yerdan ketmaydi. Biz ham shu”, – degan Aripov.
Suhbat so‘ngida hukumat vakili ayni mavzudagi savolga javob olish uchun Boysunga qaytib kelishini, oqsoqollar bilan qayta gaplashishini ma’lum qilgan. Ammo muddati ochiqlanmagan.
“Hamma sharoitlarni yaratib berish bu – davlatning ishi, uni qilib beramiz, undan masala yo‘q. Yana qaytarib aytyapman, hali oldingizga yana 2-3 marta kelaman. Bo‘lmasa, maslahat qilib aytasizlar”, – deya suhbatni tugatgan bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, Boysundagi “M25” konida 2-avariya sodir bo‘lganiga 60 kundan oshdi. 9 noyabr kuni konda yana portlash yuz berib, buning natijasida kon og‘zida ulkan alanga hosil bo‘lgandi. Voqea fonida Kun.uz hozirgacha vaziyat qandayligi yuzasidan material e’lon qilgandi.
Unga ko‘ra, yong‘in tufayli atrofga gaz hidi tarqalishi kamaygan. Ammo bu qachongacha davom etishi noma’lum. Kon atrofidagi qishloqlardan ko‘chirilganlar taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi. Ular hamon o‘z uylariga qaytgani yo‘q. Mas’ullar va pudratchi kompaniya esa hanuz sukutda.
Ma’lumot uchun, 6 oktyabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tuzilgan reja bo‘yicha konni jilovlash uchun kamida 2–3 kunlik tayyorgarlik ishlari qolganini, qo‘shimcha uskunalar olib kelinib, ularni o‘rnatish jarayoni ketayotganini aytgandi. Agar bu ssenariy ish bermasa, yana 2–3 oy vaqt ketishini qo‘shimcha qilgandi.
Shundan kelib chiqsak, “M25” koni keyingi yil yanvar oxirlariga borib jilovlanishi mumkin. Ungacha esa mahalliy aholiga kim yordam qiladi, qishni qanday o‘tkazib oladi – hozircha noma’lum. Bunga mas’ul vazirlik, idora, tashkilot va pudratchi kompaniya esa sukutda.
Mavzuga oid
08:11 / 19.12.2024
Abdulla Aripov Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston bosh vaziri etib tasdiqlangani bilan tabrikladi
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
21:12 / 12.12.2024
MDH davlatlari havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimini yaratadi
08:50 / 22.11.2024