Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1 sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi M-25 konida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz chiqishi boshlangan hodisa hali bartaraf qilinmaganini ma’lum qildi. U bu haqda Lolazor podkastida aytib berdi.

Hozirda konda vaziyat qanday, nimalar qilinmoqda?

Vazir kon hali ham yopilmagani, hozir u yerda xorijlik mutaxassislar ishlayotganini ta’kidlagan. U O‘zbekistonda bunaqa yirik texnogen hodisalar 6 marta ro‘y bergani, ularni bartaraf etish 3 oydan 6 oygacha vaqt olishini qayd etdi.

«Chunki bosim yuqori, u yerdagi [M25 konidagi] texnogen [vaziyat] bo‘lgandan keyin o‘sha narsani sindirib yuborgan, yorvorgan. To uni yopguncha ham har xil usullari qilinadi. Birinchi, uning ustiga “zaglushka” qo‘yilib yopildi. Lekin tarkibida yuqori darajada vodorod sulfidi bo‘lgan gaz bo‘lgani uchun yemirib yuborgan yerlaridan qayta sizib chiqib ketdi. Hozir o‘sha yerini yopish bo‘yicha ishlar ketyapti. Parallel qolgan variantlar ko‘rilyapti.

Hozirgi tuzilgan reja bo‘yicha kamida 2-3 kunlik yana tayyorgarlik ishlari bor, chunki imitatsiya qilyapti, turli uskunalar olib kelindi, xavfsizlik [choralari] ko‘rildi. Amerikadan mutaxassislar keldi, Cudd Well Control dunyodagi birinchi raqamli avariya holatlarini bartaraf qiladigan kompaniya bor, Halliburton keldi, Schlumberger’ni chaqirdik, Ozarboyjonning Socar kompaniyasi brigadasi keldi.

Ular ham hamma ish rejasini ko‘rib, ko‘rilayotgan choralar to‘g‘ri ekanini tasdiqladi, qo‘shimcha uskunalar olib kelindi. Faqat texnologik taraf: bosim yuqori va u yerda faqat tegishli niqoblar bilan yarim soatdan ko‘p ishlab bo‘lmaydi. Chunki kislorod ballonlari yarim soatga yetadi, keyin brigadalar almashadigan tizim qilingan. Shu orqali hozir bartaraf etish choralari ko‘rilyapti.

Zararni kamaytirish maqsadida bir qism gaz chiqarib yoqib yuborildi. Hozir shu choralar ko‘rilyapti. 2-3 kundan keyin moslamani o‘rnatishadi, yopishga harakat qilib yopa olsa, yaxshi. Bo‘lmasa keyingi ssenariylarga ko‘ra qudug‘ini ochib, yonidan qo‘shimcha quduq burg‘ilab, shu orqali yopishga harakat qilinadi. Bu 2-3 oy vaqtni olishi mumkin», – dedi Mirzamahmudov.

Odamlarga qanday yordam qilindi?

Suhbat davomida iqtisodchi Otabek Bakirov jamoatchilikning asosiy e’tirozi tabiiy ofat bilan bog‘liq emasligi, ko‘plab noroziliklar axborot ta’minoti hamda Boysun aholisiga zarur bo‘lgan yordam ko‘rsatilmagani sabab yangraganini qayd etdi. Bunga javoban Jo‘rabek Mirzamahmudov real vaziyat boshqacha ekanini bildirgan.